Vatanga xizmat – oliy fazilat

0
1222

Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlardan birida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda harbiy qism komandiri podpolkovnik Shavkat Usmonov Mudofaa vazirining shaxsiy tarkibga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shundan soʻng “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni oʻz egalariga topshirildi.

– Safdoshlarim orasida men ham ushbu esdalik nishoniga loyiq koʻrilganimdan juda xursand boʻldim, – deydi mayor Xurshid Dadaboyev. – Aslida, Vatanimga boʻlgan sadoqatim va muxabbatim hech bir taʼmasiz va manfaatsiz. Yurtim tinchligi – oilam tinchligi, ota-onamning tinchligidir. Unga qalqon boʻlish, uni jondan asrash mening burchim. Men oʻz burchimni ado etar ekanman, Vatanim ham meni eʼtirof etayotganligi menga juda katta kuch, gʻayrat va shijoat berdi. Eʼtirof va eʼtiborning katta-kichigi boʻlmaydi. Shunday ekan, menga berilgan eʼtibor butun shaxsiy tarkibga qilingan eʼtirof, deb bilaman. Vatanim sarhadlarini koʻz qorachigʻiday asrayotgan har bir yurtdoshimni bugungi bayram bilan tabriklayman.Shuningdek, harbiy qismda xizmat qilayotganlarning bir qanchasi sovgʻalar bilan taqdirlandi.Tadbir davomida hushovoz xonanda va taniqli soʻz ustalarining chiqishlari yigʻilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departameni