Harbiy qismda muhim siyosiy jarayon oldidan tegishli tadbir o‘tkazildi

0
796

Saylov – har bir davlat, mamlakat hayotidagi eng muhim siyosiy voqelik. Bu jarayonda ishtirok etish orqali inson o‘z siyosiy faolligini va mas’uliyat his qilishini namoyon etadi. Negaki, siz ishonib ovoz bergan inson ertaga sizning manfaatlaringizni himoya qilishi, siz yashab turgan hudud: viloyat, tuman, mahalla yoki qishlog‘ingizni obod qilishi, porloq kelajakni ta’minlashi, qisqa qilib aytganda, siz uchun farovon turmush kafolati bo‘lishi kerak.

Bizning Vatanimizda ham tez kunlar ichida o‘tkazilishi kutilayotgan ushbu tadbir barchaning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Bu jarayonda qatnashish 18 yoshga to‘lgan va undan yuqori bo‘lgan shu yurtning har bir fuqarosi uchun majburiydir. Bunday vaziyatda saylovchi uchun avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga talabgor barcha nomzodlar kimligini bilish va ular faoliyatini o‘rganib chiqish eng muhim vazifalardan biridir. Shu maqsadda yurtimizning har bir shahar va tumanlarida saylov oldi tadbirlari tashkil etilmoqda.

Toshkent viloyati hududida joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan “Biz o‘z kelajagimiz uchun ovoz beramiz” shiori ostida o‘tkazilgan saylov oldi tadbiri ham bunga yaqqol misoldir. Ushbu tadbir Chinoz tumani hokimligi va Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda “Yosh saylovchi” aksiyasi ham o‘tkazilib, unda qatnashgan kelajagimiz egalariga siyosiy bilim va tushunchalar berildi. Har bir partiyaning maqsad va vazifalari to‘g‘risida hamda ular tavsiya etgan nomzodlar haqida ma’lumotlar yetkazildi.

 

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Adolat sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov nomzodi prezidentlikka ko‘rsatilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisovaning nomzodi ma’qul ko‘rildi. Bu esa O‘zbekistonda ayollarga bo‘lgan e’tibor yil sayin kuchayib, ularning jamiyatdagi o‘rni tobora mustahkamlanib boryotganidan dalolat.

Ushbu saylovda yurtimizning “Eng yosh partiyasi” sifatida O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham o‘z nomzodi bilan ishtirok etadi.

Sarvinoz QURBONOVA,
O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti
Harbiy jurnalistika yo‘nalishi 2-kurs talabasi