Xalq va armiya birdamligida muhim mexanizm

0
2495

Xalq va armiya birdamligi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ushbu birdamlik o‘rtasida ko‘prik vositasini bajarib beruvchi eng muhim mexanizmdir. Keyingi paytda armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yanada chuqurroq yetkazib berish uchun Mudofaa vazirligi tomonidan jurnalistlar va blogerlar ishtirokida press-turlar tashkillashtirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun Toshkent harbiy okrugida joylashga harbiy qismlarga navbatdagi press-tur tashkil etildi.

Erta tongdan avtobuslar bilan Chirchiq shahriga otlangan ellikdan ortiq jurnalist va blogerlar yo‘l-yo‘lakay tashkilotchilar tomonidan qanday tomoshalar namoyish etilishini muhokama qilib ketishdi. Har kim bilganicha yoki avval ko‘rganicha o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashardi. Ammo desantchilar va artilleriyachilar harbiy qismlarida tashkilotchilar mehmonlarni hayratlantirishga harakat qilib, buning uddasidan chiqishdi. Yangicha ko‘rinish olgan ushbu harbiy qismlar, u yerdagi shart-sharoitlar, press-tur munosabati bilan uyushtirilgan namoyishlar ommaviy axborot vositalari vakillarida katta taassurot uyg‘otdi.

«O‘zbekiston-24», «UzReport», «Sevimli TV» kanallari, «Xalq so‘zi.uz», «Аniq.uz», «Хabardor.uz», «Nova 24.uz», «Kun.uz», «Bugun.uz», «Darakchi.uz» hamda «Daryo.uz» internet nashrlari xodimlari hamda mustaqil faoliyat yurituvchi o‘nlab blogerlar kun davomida o‘zlarini shu yerdagi Vatan himoyachilaridek his qildilar.

Artilleriyachilar estafetasi, maxsus trenajyorlarda parashyut bilan sakrash mashqlari, yurt o‘g‘lonlarining ko‘zni qamashtiruvchi, hammaning havasini keltiruvchi saf yurishi, qo‘l jangi tomoshalari – ijod ahli esa bir daqiqaga bo‘lsa-da, o‘zini ularning safida ko‘rib, xayolan harbiylarimiz bilan hamnafas harakat qilgan bo‘lsa, ne ajab.

Tadbir yakunida mehmonlarning desantchilar va artilleriyachilardan olgan harbiycha sovg‘alari ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti