Samarqandning Ishtixon hamda Narpay tumanlarida harbiy vatanparvarlik festivallari o‘tkazildi

2052

Markaziy harbiy okrugning Kattaqo‘rg‘on garnizonida tashkil etilgan vatanparvarlik karvoni Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganligining 30 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Samarqand viloyatining Ishtixon hamda Narpay tumanlarining markaziy maydonlarida harbiy-vatanparvarlik festivallari o‘tkazishdi.

Tumanlarning aholi va yoshlarini bir joyga jamlab, ona Vatanga bo‘lgan muhabbatini oshirish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan festivalda harbiy qism qo‘mondonligi hamda tuman hokimligi vakillari so‘zga chiqib, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, uning mustaqilligi va barqarorligiga munosib hissamizni qo‘shish har birimizning eng asosiy vazifalarimizdan bo‘lib qolmog‘i lozim ekanligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng bayramona kayfiyat ulashuvchi kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Qurolli Kuchlar salohiyati hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning barkamol shaxs sifatida kamol topishida ajdodlarimizning ko‘rsatgan jasoratlari haqidagi sahna ko‘rinishlari, qo‘l jangi san’atining namoyishi esa barchaning qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Faxriy qorovul vzvodining ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarda, men ham Vatan himoyachisi bo‘laman, degan orzu-maqsadlarni o‘z oldiga qo‘yishiga xizmat qildi.

Festivallar yakunida xar ikki tuman hokimligi tomonidan harbiy xizmatchilarga bayram sovg‘alari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati