Milliy armiya – Vatan tayanchi, osoyishtaligimiz kafolati

0
3261

Bugun, 12-yanvar kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari va harbiy xizmatchilar ishtirokida “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekiston tayanchi, mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Maʼlumki, Vatan himoyasi barcha fuqaro, eng avvalo oʻzini shu yurt farzandi deb bilgan har bir yigit uchun yuksak faxr, benazir iftixor sanaladi. Yurt himoyasi tarixning turli davrlarida barcha davlat va elatlarning mard, jasur oʻgʻlonlari uchun muqaddas vazifa hisoblangan. Davlatning mudofaa funksiyasi har bir mamlakatda asosiy faoliyat yoʻnalishlari qatoridan joy olish bilan birga, oʻziga xos katta ahamiyat kasb etgan. Chunki har bir davlat tashqi yovuz kuchlardan oʻzini himoya qilishga doimo ehtiyoj sezgan. Oʻzbekistonda qadimda kechgan tarixiy jarayonlar va davlatchilik anʼanalari shundan dalolat beradiki, ajdodlarimiz oʻzlarini tashqi xavf va tajovuzlardan himoya qilish hamda davlat butunligini saqlash, yurt farovonligini taʼminlash maqsadida oʻz hududlari chegaralarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratganlar.

Bugun ham yurtimiz sarhadlarini ona Vatanning sheri mard oʻgʻlonlari ishonchli himoya qilib kelishmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari shaxsiy tarkibini Vatanga sadoqat, harbiy burchga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ularning dunyoqarashini kengaytirish, qatʼiy hayotiy pozitsiyani shakllantirish, yurt taqdirini uchun daxldorlik hissini mustahkamlash boʻyicha ishlarni yuqori darajaga koʻtarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi qarori bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish” konsepsiyasi tasdiqlangan edi. Ushbu konsepsiyani amalga oshirishning ikkinchi (rivojlantirish) bosqichida aynan harbiy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish mexanizmi belgilab berilgan.

Tadbirda shular xususida gap bordi. Yaʼni maʼnan yetuk, jismonan baquvvat, salohiyatli, zimasidagi ustuvor vazifa hamda sharafli xizmati kim va nima uchun ekanini anglagan Vatan himoyachilari hech qachon yengilmasligi, bunga esa yuksak maʼnaviyat va maʼrifat, kasbiy bilimlarni puxta egallash orqali erishish mumkinligi taʼkidlandi.

Kapitan Boburmirzo SOLIYEV