Kattaqoʻrgʻonda marhum harbiy xizmatchi Ulugʻbek Barnoyevning xotirasi yod etildi

0
2244

Kattaqoʻrgʻon granizonidagi harbiy xizmatchilarning tashabbusi bilan 2000-yil yoz oylarida Surxondaryo viloyatining Sarosiyo va Uzun tumanlari togʻlarida xalqaro terrorchilarga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan va mardlarcha halok boʻlgani Vatan oʻgʻloni, “Jasorat” medali sohibi kattaqoʻrgʻonlik starshina Ulugʻbek Barnoyevning xotirasiga bagʻishlab u oʻqigan umumtaʼlim maktabida, harbiy qismda va uning xonadonida turli tadbirlar boʻlib oʻtdi.

Xotira tadbiri dastlab qahramon oʻqigan maktabda oʻtkazilib, Ulugʻbek Barnoyevning ota-onasi, ustozlari va yaqinlari hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida uning byusti poyiga gullar qoʻyildi.

Shundan soʻng tadbir ishtirokchilari uning xizmat faoliyati davomida erishgan yutuqlari va fazilatlarini xotirladilar.

Xarbiy qismda oʻtgan uchrashuv davomida Ulugʻbek Barnoyevning otasi Abdulla bobo va onasi Sabohat aya oʻgʻlining hayot yoʻlini ibrat oʻlaroq soʻzlab berar ekan, uni tinglagan yosh harbiy xizmatchilar Vatan himoyasi yoʻlida jonini garovga qoʻyib, uning yuksalishi uchun bor mehrini bergan qahramonlar yodi hech qachon soʻnmasligi va hurlik, ozodlik, mustaqillik kabi soʻzlar qanchalar totli ekanligini yana bir bor chuqur anglashdi.

Qahramonning ota-onasiga hurmat va ehtirom koʻrsatish maqsadida harbiy xizmatchilar sovgʻalar ulashishdi.

Kunning ikkinchi yarmida bir guruh harbiy xizmatchilar Ulugʻbek Barnoyevning xonadonida boʻlishdi.

Oʻzbekning haqiqiy oʻgʻloni xotirasiga tadbirlar davomida ishtirokchilar Vatanimizni himoya qilishda jonini fido qilgan, xalqning erkinligi uchun kurashgan, bugungidek tinch va osuda hayotni bizga yaratib bergan millat qahramonlariga nisbatan chin dildan minnatdorchilik hissini tuydilar.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati