Qutlov! Ikki hamkasbimiz gʻoliblar qatorida

1948

Ijodkor insonlar bilan bir jamoada mehnat qilishning koʻp foydali tomonlari bor. Avvalo, ijodiy fikrlash qobiliyating oʻssa, undan keyin dunyoga oʻzgacha nigoh bilan qaray boshlaysan. Shuning uchun ijodkorlardan tashkil topgan jamoalardagi foydali ish koeffitsiyenti doim yuqori boʻlgan. Bunday insonlarga berilgan kichik bir ragʻbat ham katta-katta yutuqlarga zamin hozirlashi mumkin.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan har yili anʼanaviy tarzda harbiy xizmatchilar va professional ijodkorlar oʻrtasida oʻtkazib kelinadigan “Posboniman muqaddas yurtning” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda shoirlar, yozuvchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olganlar Vatanni himoya qilishdek sharafli kasbga umrini tikkan, oʻz taqdirini yurt taqdiri bilan bogʻlagan harbiy xizmatchilar mashaqqati, ularning bedorligi evaziga xalqimizning tinchlik atalmish bebaho neʼmatdan bahramand ekanligi haqida soʻz bordi. Qolaversa, mana shunday masʼuliyatli vazifa yelkasida boʻlishiga qaramay, ijodni tashlab qoʻymagan, u bilan jiddiy shugʻullanib kelayotgan harbiy ijodkorlar eʼtirof etildi. Mana shunday tanlovlar harbiylik kasbining mashaqqatini, zahmati-yu, ulugʻligini namoyon etishga xizmat qilishi yana bir bor taʼkidlandi.

Quvonarlisi, mazkur koʻrik-tanlovning professional ijodkorlar oʻrtasidagi “Nasriy asarlar” yoʻnalishida ishtirok etgan hamkasblarimiz – Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyati boshqarmasi muxbirlari kapitan Aziz Norqulov ikkinchi, katta leytenant Bobur Elmurodov esa faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Gʻoliblarga pul mukofoti, diplom, kitoblar va esdalik sovgʻalar berildi.

Har ikki hamkasbimizni mazkur yutuqlar bilan tabriklaymiz.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti