“Xalq va armiya — bir tan-u bir jon!”

0
2241

Respublikamiz boʻylab bayramona ruhda tashkil etilayotgan “Xalq va armiya — bir tan-u bir jon!” shiori ostidagi olijanob gʻoya va amaliy harakatlar barcha boʻgʻindagi vazirlik va idoralar, hokimiyat va mahalla, yoshlar tashkilotlari, taʼlim-tarbiya muassasalari va keng jamoatchilik vakillarini qamrab olmoqda.

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent garnizonida joylashgan harbiy qismning bir guruh harbiy xizmatchilari Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida boʻlib, bayram munosabati bilan davra suhbati oʻtkazishdi.

Transport vazirligida oʻtkazilgan tadbirda Qurolli Kuchlar faxriylari, ijodkor yoshlar va vazirlik xodimlari ishtirok etib, harbiylarning oʻz kasbi va Vataniga sodiqligi ulugʻlangan boʻlsa, navbatdagi tadbirda soha mutaxassislariga Qurolli Kuchlarda olib borilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.

– Vatan hissi, oʻz ona yurtiga soʻnmas muhabbat va xalq uchun ichgan ontiga sadoqat Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchining oliy fazilati. Bugun ana shunday haqiqiy vatanparvar insonlar bilan oʻtkazilayotgan tadbirlardan birida boʻldik. Bu kabi tadbirlar oʻzaro hamkorlik, mustahkam aloqa oʻrnatish bilan birga xalq va armiya yakdilligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi, deydi transport vaziri oʻrinbosari Abdusamat Abduvohidov.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti