Mudofaa vazirligi – gʻolib! Kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari oʻrtasida qoʻl jangi musobaqasi boʻlib oʻtdi

0
1027

Oʻzbekiston sport majmuasida kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari oʻrtasida qoʻl jangi musobaqasi boʻlib oʻtdi.
Musobaqani kuzatib, yurtimiz boʻylab sportni ommalashtirishga qaratilgan eʼtibor, olib borilayotan islohotlar haqida oʻyladim. Sogʻlom turmush tarzi har bir insonning oʻzi uchun afzal, albatta. Aholining sogʻlomligidan davlat ham manfaatdor. Chunki barcha yutuq va muvaffaqiyatlar poydevori – salomatlik.
Musobaqaga katnashish uchun maydonga tushishning oʻzi ishtirokchining oʻz ustidan gʻalabasidan, sogʻlomligidan nishona. Ammo bu gal bellashganlar bir-biridan sira qolishmasdi. Mudofaa vazirligi, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya vakillari bor mahorat va chayirliklarini namoyish qildilar.
Natijalarga koʻra Mudofaa vazirligi vakillariga 4 ta oltin hamda 2 ta bronza medal nasib qildi. Yaʼni 55 kg vaznda muddatli harbiy xizmatchi Farrux Toʻxtasinov 3-oʻrin, 65 kg vaznda shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi Muhammadali Ismoilov 3-oʻrin, 70 kg vaznda muddatli harbiy xizmatchi Husniddin Roʻziyev 1-oʻrin, 80 kg vaznda kichik serjant Ogʻabek Qodirov 1-oʻrin, 85 kg vaznda kichik serjant Azamat Abduhakimov 1-oʻrin, 90 kg yuqori vaznda kichik serjant Oʻtkir Karimov 1-oʻrinni egalladi.

Umumjamoa hisobida 1-oʻringa Mudofaa vazirligi, 2-oʻringa Ichki ishlar vazirligi, 3-oʻringa Prezident davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari sazovor boʻldi. Bu bilan Vatan himoyachilari mamlakat taqdiri qanchalar ishonchli qoʻllarda ekanini yana bir karra isbotladi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti