Gʻuzordagi harbiy qismda barcha sharoitlarga ega sport zal va madaniyat markazi foydalanishga topshirildi

0
1022

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Pachkamar qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qismda barcha sharoitlarga ega sport zal va madaniyat markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.
Gʻuzor tuman hokimi, okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, faxriylar va bir guruh yoshlar ishtirokida oʻtgan tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar barchani bayram bilan tabriklab, bu kabi bunyodkorlik ishlari yurt himoyachilarining jangovar shaylik darajalarini yana bir pogʻona koʻtarishiga ishonch bildirishdi.
Bayramlar, konsertlar va turli tadbirlar oʻtkazishga moʻljallangan qariyb 300 oʻrinli madaniyat markazi endilikda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun beminnat xizmat qiladi. Shuningdek, markazda harbiylarning soha mutaxassisi boʻlgan turmush oʻrtoqlari va tumanning malakali ustozlari rahbarligida raqs, musiqa va sanʼat toʻgaraklari faoliyat boshladi.
Harbiy xizmatchilar, ularning farzandlari va tuman yoshlari uchun xizmat koʻrsatishga moʻljallangan sport zal barcha zamon talablariga javob beradigan sharoitga ega. Oʻnlab turdagi trenajyorlarda harbiy xizmatchilar oʻz jismoniy imkoniyatlarini oshirishlari mumkin. Har qanday ob-havo sharoitida ham qism hududidan chiqmagan holda sportning deyarli barcha turi bilan shugʻullanish imkoni mavjud. Bundan tashqari harbiy sportchilar va tumanning sport ustalari boshchiligida yoshlar uchun boks, dzyudo, kurash, yengil atletika kabi sport toʻgaraklari faoliyat boshladi.

Pachkamar qoʻrgʻonida yashovchi yoshlar uchun ham sport zal ochilishi quvonchli voqea boʻldi. Sportsevar yoshlarning mashgʻulotlarga qatnashishlari uchun harbiy qism hududiga kirib-chiqish tartibi ishlab chiqiladigan boʻldi. Kelajakda ushbu maskandan yurt bayrogʻini yanada baland koʻtaruvchi olimpiada chempionlari chiqsa ajab emas.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati