Nurobod qo‘rg‘onida keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi

0
987

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganliging 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan joylarda “Xalq va armiya – bir tan-u bir jon!” shiori ostida keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik festivallari, konsert dasturlari, ma’naviy-ma’rifiy va xayriya tadbirlari, shuningdek, “Qo‘mondon va yoshlar”  hamda Qurolli Kuchlar faxriylari va o‘quvchi yoshlar ishtirokida uch avlod uchrashuvlari yuqori saviyada o‘tkazilib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyati Nurobod qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismlarning birida “Vatan himoyasi – muqaddas burch!” mavzusida bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimligi, ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari, Yoshlar ittifoqi tuman bo‘limi, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir harbiy qism saf maydonida tantanali miting bilan boshlandi. Unda so‘z olganlar milliy armiyamiz – yoshlar uchun jasorat, matonat va haqiqiy qahramonlik maktabiga aylanib borayotganini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, yoshlarga O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tildi.

Miting yakunida faxriy qorovul chiqishlari, safda shaxdam qadam va qo‘shiq bilan tantanali marsh o‘tish tadbirlari barchaga shijoat va g‘ayrat bag‘ishladi. Shuningdek, tadbirda tashkil etilgan zamonaviy qurol-aslaha va harbiy tehnikalar ko‘rgazmasi ertamiz egalarida iliq taassurot uyg‘otdi.

Shu kuni mehmonlar harbiy qism bo‘ylab sayohat qildi. Jumladan, ular kutubxona, ruhiy zo‘riqishlarni yechish va mana’viy-ma’rifiy tayyorgarlik xonalari, axborot texgologiyalari va pnevmatik quroldan o‘q otish sinfida bo‘lib, amaliy va nazariy mashg‘ulotlarda qatnashdi.

Shuningdek, kun davomida “Komandir va yoshlar” uchrashuvi ham tashkillashtirildi. Unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga harbiy xizmatchilar tomonidan atroflicha javob oldi.

Yakunda jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikdan yuksak natijalarga erishayotgan harbiy xizmatchilar hamda faol o‘quvchi yoshlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti