Nuristonda harbiy xizmatchilarga yangi uy-joylar topshirildi

0
1395

Oilasidan koʻngli xotirjam harbiy xizmatchi oʻz oldiga qoʻyilgan har qanday jangovar vazifani shijoat bilan, toʻla-toʻkis amalga oshira oladi. Mudofaa vazirligi tizimida xizmat burchini oʻtayotgan bir guruh Vatan himoyachilarining oila aʼzolari qalbi bugun quvonchga toʻlgan.
Qashqadaryo viloyati Nuriston qoʻrgʻonidagi harbiy shaharchada qad rostlab, 96 ta xonadonni oʻz ichiga olgan 2 ta koʻp qavatli xizmat uylari harbiylar oilalariga topshirildi. Tantanali topshirish marosimi viloyat hokimligi vakillari, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlar qoʻmondoni va bir guruh el suygan sanʼat hamda ijod ahli ishtirokida haqiqiy tantanalarga aylanib ketdi.

Barcha qulayliklarga ega alohida isitish tizimlari bilan jihozlangan xonadonlar bugun baxtli oilalarni oʻz bagʻriga oldi. Xonadonning ilk mehmonlari ham kichik Vatanning sohib va sohibalarini qoʻshaloq bayram bilan tabriklab, iliq tilaklar bildirdilar.
Obod manzilda joylashgan fayzli va shinam uy sohiblari yurt dahlsizligi yoʻlida yanada shijoat bilan xizmat qilish barobarida, ushbu xonadonlarda ertangi porloq kelajak uchun haqiqiy vatanparvar avlodning bekam-u koʻst kamol topishida ham hissa qoʻshishlariga ishonamiz.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati