“Nukus” umumqoʻshin poligonida yangi obyekt ochildi

0
2496

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugga qarashli “Nukus” umumqoʻshin poligonida kapital taʼmirdan chiqarilgan yangi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda ofitserlar yotoqxonasi binosi foydalanishga topshirildi.
Tantanali marosimda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, hududiy harbiy-maʼmuriy sektori rahbari Murat Kamalov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.
Poligonga oʻzgacha koʻrk berib turgan ushbu obyekt hududiy harbiy-maʼmuriy sektori koʻmagi bilan qad rostlagan boʻlib, markaz qurilgan joy ilgari qum uyumlaridan tashkil topgan hudud boʻlgan. Endilikda maʼnaviyat va maʼrifat ulashuvchi ushbu markazda 196 oʻrinli tantanalar zali madaniy hordiq va turli tantanali tadbirlarni oʻtkazish, brifinglar xonasida xalqaro miqyosdagi uchrashuvlarni tashkil etish imkoni yaratilib, sanʼatkor va mehmonlar uchun alohida pardozxona va kutish zallari bunyod etilgan.
Harbiy xizmatchilar bilan oʻtkazilishi rejalashtirilgan amaliy mashgʻulotlardan oldin oʻq-dori sarf qilmasdan quroldan oʻq otish mashqlarini bajarish imkonini yaratadigan markazning ikkinchi qismida qurilgan panoramali kompyuterlashtirilgan otish trenajyori va oʻquv sinfi yurt himoyachilarining jangovar tayyorgarligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ofitserlar yotoqxonasi dala chiqishlari, amaliy mashgʻulot oʻtkazish, musobaqa va tanlovlarda ishtirok etish hamda xalqaro harbiy hamkorlik doirasidagi tadbirlarda qatnashish uchun kelgan ofitser va mehmonlarning maroqli dam olishi uchun qulay sharoit yaratib beradi.
Dala oʻquv maydoni nafaqat harbiylarning jangovar tayyorgarligini yuksaltiradigan maskan, balki oʻsib kelayotgan yosh avlodning vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishida ham ahamiyatlidir. Zero bu yerda yoshlar bilan harbiy-vatanparvarlik festivallari, musobaqa va tanlovlar oʻtkazilib, ularning armiya haqida kengroq tushunchaga ega boʻlishiga ham yetarlicha imkoniyatlar yaratilgan.
Oʻquvchi yoshlar bilan chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik mashgʻulotlarini sifatli tashkil etish, ularni armiya saflariga tayyorlash maqsadida 2021-yilda Qoraqalpogʻistondan jami 10 942 nafar oʻquvchi quroldan amalda oʻq otish mashqiga jalb etildi. Shuningdek, Qoraqalpogʻistondagi oʻrta maxsus va umumtaʼlim maktablarning Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani boʻyicha 634 nafar oʻqituvchilarining ham ushbu mashgʻulotlarda ishtiroki taʼminlandi.

Taʼkidlash joizki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi harbiy-maʼmuriy sektori koʻmagi bilan 2020-yilda “Nukus” umumqoʻshin poligonida 13 ta harbiy va ijtimoiy obyektlarda kapital taʼmirlash ishlari olib borilgani natijasida bugun harbiy oʻquv markazi jahon standartlariga toʻliq javob beradigan va harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirishga xizmat qiladigan maskanga aylandi. Poligonda zamonaviy koʻrinishda ixcham va qulay shart-sharoitlarga ega boʻlgan 400 oʻrinli ikkita yotoqxona va oʻquv binosi hamda 300 oʻrinli oshxona yangidan qurildi va zarur uskuna hamda mebellar bilan jihozlandi.
Boshqaruv punkti, 7 ta oʻquv sinfi, tibbiyot punkti hamda harbiy xizmatchilar uchun kafeteriy qayta qurildi. Maxsus boʻlinmalar bilan jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarini real vaziyatga maksimal darajada yaqinlashtirilgan holatda oʻtkazish maqsadida razvedka boʻlinmalari uchun yaqin jang olib borish shaharchasi, merganlar yoʻlagi hamda taktik va maxsus mashqlarni bajarishga moʻljallangan koʻp qavatli bino qad rostladi.
Jangovar texnikalarni saqlash parki, radiatsion, kimyoviy, biologik qurollardan himoyalanish shaharchasi, jamoaviy ruhiy barqarorlikni shakllantirish inshootlari Vatan posbonlarini ham ruhan, ham jismonan toblab, mashgʻulotlarning sifatli oʻtkazilishini taʼminlab kelmoqda.
Ushbu poligonda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlaridan tashqari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligining harbiylashgan boʻlinmalari ham nazariy bilimlarini kunu-tun amalda mustahkamlab, Shimoli-gʻarbiy sarhadlarimizni ishonchli himoya qilib kelmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati