Muborakdagi yangi markazda ilk tahsil oluvchilar oʻqishni boshladi

0
1425

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi “Muborak” dala oʻquv maydoni negizida tashkil etilgan “Tank va jangovar mashinalar ekipajlarini tayyorlash markazi” oʻzining ilk tahsil oluvchilarini qabul qildi. Dars jarayonlarini boshlash oldidan tashkil etilgan tantanali tadbirga okrug qoʻmondonligi vakillari, faxriy harbiylar, bir guruh yoshlar va nuroniylar taklif etildi.
Soʻz olganlar barchani Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi shodiyonasi bilan tabriklab, davlatimiz tomonidan harbiylarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor haqida toʻxtalib oʻtishdi.
Shundan soʻng mehmonlar dala oʻquv maydonida yaratilgan shart-sharoitlar va tahsil jarayonlari bilan tanishdi.

Dala oʻquv maydonida markaz faoliyati uchun har tomonlama qulayliklar barpo etilgan. Yotoqxona, oshxona, kutubxona, oʻquv xonalarining toʻliq jihozlanganligi nazariy bilimlarni egallashda muhim sanalsa, saf tortib turgan yuzlab jangovar mashinalar amaliy bilimlarni mustahkamlash uchun xizmat qiladi.
Shuningdek, sifatli taʼlimni taʼminlash maqsadida yuqori malakaga ega, bilimli ofitser va serjantlar ustoz sifatida saralab olingan. Tahsil oluvchilar mukammal tuzilgan dars jadvali asosida oʻqitilishi bilan bir qatorda, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida ham rejali tadbirlar belgilab olingan.
Endilikda ushbu markaz jang maydoniga oʻzi va boshqaruvidagi texnikasiga ishongan, bilimli harbiy xizmatchilarni tayyorlab, yurtimizning mudofaa salohiyatini yana bir pogʻona yuqorilatish uchun ilk qadamlarini tashladi, desak adashmaymiz.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati