Namangan garnizonida ilgʻor muddatli harbiy xizmatchilar taqdirlandilar

0
2309

Sharqiy harbiy okrugning Namangan garnizonidagi harbiy qismda “Eng ilgʻor mutaxassis – bizning faxrimiz” koʻrik-tanlovining taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda harbiy xizmatchilarning ota-onalari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar muddatli harbiy xizmatchilarning aʼlo natijalar koʻrsatganligini, kelajakda bu kabi natijalar bilan ular faoliyatlarini davom ettirishlari mumkinligini taʼkidlab oʻtdi va ota-onalariga shunday mard oʻgʻlonlarni voyaga yetkazgani uchun oʻz minnatdorchiliklarini izhor etdi.
Taqdirlash marosimi davomida yaxshi oʻrinlarni egallagan yosh askarlarga medal va faxriy yorliqlar, ularning ota-onalariga esa esdalik sovgʻalari topshirildi. Harbiy qism badiiy havaskorlik jamoasi oʻzlarining musiqiy chiqishlari va sahna koʻrinishlarini namoyish etishdi.
Tadbir qatnashchilari uchun harbiy qism boʻylab ekskursiya ham oʻtkazildi. Dastlab harbiy xizmatchilar foydalanadigan qurol-aslahalar va ularning vazifalariga toʻxtalib oʻtildi. Bunda muddatli harbiy xizmatchi kursantlar oʻzlarining ixtisoslashuvidagi qurollarni ota-onalariga tanishtirib oʻtishdi. Keyingi manzil oʻquv binosi boʻldi. U yerda harbiylarimiz qanday shart-sharoitlarda tahsil olayotganliklari bilan keng tarzda tanishtirildi.

Shundan soʻng harbiy qism yotoqxonasi va barcha sharoitlarga ega boʻlgan oshxona bilan ota-onalar yaqindan tanishib chiqishdi. Farzandi muddatli harbiy xizmatga oʻtayotganiga 9 oy boʻlgan boʻlsa-da, bunday yuqori natijaga erishganligini koʻrgan ota-onalar qalbi faxrga toʻlganini taʼkidlab oʻtishdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati