Mudofaa vazirligi sportchilari marafonning mutlaq g‘olibi bo‘ldi

0
2914

Bugun, 9-yanvar kuni poytaxtimizning “Xalqlar do‘stligi” maydonida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan “Men g‘olib” shiori ostida 10 km.ga marafon yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon federasiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda kuch tuzilmalari hamda oddiy aholi vakillaridan iborat havaskorlar jamoalari ishtirok etdi.

Ko‘zlangan asosiy maqsad, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, muntazam ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish yo‘lida yurtdoshlarimizni birlashtirish, yugurishni ommalashtirishdan iborat bo‘ldi.

500 nafarga yaqin ishtirokchini qamrab olgan mazkur musobaqada umumiy hisobda 390 nafar kuch tuzilmalari hamda ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Nizomga ko‘ra, “Men g‘olib” yugurish musobaqasida har bir jamoadan 30 nafardan ishtirokchi, ulardan 3 tasi professional sportchi, 3 nafari esa ayollardan iborat bo‘lishi lozim edi. Jamoa hisobida eng yaxshi 25 natija, ulardan 3 nafari ayol qatnashchilarning natijalari qayd etilishi belgilangan. Har yili bir necha bor o‘tkaziladigan mazkur yugurish musobaqasida eng mahoratli atletlar, harbiy xizmatchilar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha saralab olinadi:

– Absolyut gender ko‘rsatkichlari bo‘yicha ajratilgan yugurish ishtirokchilari orasida;
– harbiy xizmatchilar o‘rtasida gender ko‘rsatkichlari bo‘yicha ajratilgan shaxsiy birinchilik yugurish ishtirokchilari orasida;
– kuch tuzilmalari jamoalari o‘rtasida jamoaviy birinchilik;
– kuch tuzilmalari ta’lim muassasalari o‘rtasida jamoaviy birinchilik.

Bayramona kayfiyatda boshlangan marafon “Xalqlar do‘stligi” saroyi maydonidan start oldi va Furqat, Beshyog‘och, Islom Karimov hamda Amir Temur shoh ko‘chasi, Amir Temur haykali aylanma yo‘li bo‘ylab davom etdi.

Yugurish musobaqasida ko‘plab taniqli insonlar va turli soha vakillari o‘z jismoniy tayyorgarliklarini sinovdan o‘tkazishdi. Shuningdek, tomoshabinlar uchun qo‘l jangi namoyishlari, turli sport turlariga oid chiqishlar havola etildi.

Barcha orziqib kutgan g‘oliblarni e’lon qilish marosimi esa haqiqiy shouga aylandi. Erkaklar o‘rtasida marraga birinchi bo‘lib, Mudofaa vazirligi sportchisi kichik serjant Shohruh Davlatov yetib keldi. Buni qarangki, 2-bo‘lib ham Mudofaa vazirligi sportchisi kichik serjant Yevgeniy Fedeyev marra chizig‘ini bosib o‘tdi.

Ayollar o‘rtasida esa Mudofaa vazirligi sportchisi kichik serjant Marjona Akkuziyeva marraga 3-bo‘lib yetib keldi.

Umumjamoa hisobida Mudofaa vazirligi sportchilari mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rin Milliy gvardiya, 3-o‘rin esa Prezident davlat xavfsizligi xizmati jamoasiga nasib etdi.
Barcha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan kubok va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti