Urush koʼrgan koʼzlarda quvonch

0
4514

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari doimo davlatimiz va elimiz ardogʼida. Soʼngi yillarda erk uchun janglarda qon kechgan insonlar uchun yuksak darajada eʼtibor qaratilmoqda. Chunki ular jasorati, tortgan zahmatlari kelajak avlod uchun ibrat maktabi boʼlib xizmat qiladi.
Havo hujumidan mudofaa qoʼshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʼmondonligiga qarashli Qashqadaryo viloyati Xonobod qoʼrgʼonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda xuddi shunday qahramon xonadoniga tashrif buyurishdi.


Dehqonobod tumani Otkamar mahallasida yuz bilan yuzlashgan Abdulhakim bobo Jabborov istiqomat qiladi. Yuzida qariyb bir asrlik hayot tashvishlari oʼz izini qoldirgan esa-da, hali fikrlari tiniq, soʼzlari ancha dadil va ravon. Suhbatida boʼlgan inson qayta ziyorat qilishni diliga tugib oladi. Sovgʼa-salomlar bilan tashrif buyurgan mehmonlar ham otaxon bilan dildan suhbat qurib, olam-olam taassurot oldilar.
Urush yillarining nursiz kunlari, bebaxt tunlari haqida kishini oʼyga toldiradigan, eshitib bexos bugungi dorilomon kunlar shukronasini qilishga undaydigan sermazmun umridan hikoya qildi. Shunday tinch va farovon hayotni koʼrgan koʼzlari quvnayotganidan soʼz ochgan Abdulhakim bobo yurt tinchligini tilab duolar qildi.

Janubi-gʼarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati.