Yoʻllarda ogoh boʻlish koʻngilsiz hodisalarning oldini oladi

0
942

Texnika shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda koʻchalarimizda avtotransport vositalari tobora koʻpayib bormoqda. Ular uzogʻimizni yaqin, ogʻirimizni yengil qilishi kishini quvontirsa, baʼzida guvoh boʻlayotganimiz yoʻl transport hodisalari dilni xira qilib qoʻyadi. Bu esa koʻchalarda mavjud yoʻl belgilari va qoidalariga yanada eʼtiborliroq boʻlishimizni talab etadi.
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug katta majlislar zalida ayni shu mavzuda soha mutaxassislari bilan tadbir tashkil etildi. Qashqadaryo viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi, Qarshi harbiy prokuraturasi, Qarshi garnizoni harbiy avtomobil nazorati xodimlari hamda okrug boshqaruv apparati harbiy xizmatchilari va Qurolli Kuchlar xizmatchilari bilan oʻtgan tadbirdagi maʼruzalar barchani yana bir bor ogoh boʻlishga undadi.

Yoʻl chetida turgan qandaydir yoʻl belgisi yoki bir dona svetofor chirogʻiga eʼtiborsiz oʻtish bir yoki bir nechta inson hayotiga zomin boʻlib qolishi mumkin. Texnika boshqarib borayotgan kishi bilmaydiki, oldinda uni qanday vaziyat kutayotganini. Shunday ekan tezlikni meʼyoridan oshirmaslik har qanday yoʻl transport hodisasi sodir boʻlishining oldini olishi mumkin. Ayni shu kabi fikrlar tadbir diqqat markazida boʻldi. Qoidabuzarliklar uchun jarima va javobgarliklar, yoʻl qoidalariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar borasida tushunchalar berildi.
Shuningdek, ayanchli yoʻl transport hodisalari aks etgan videolavha ishtirokchilar uchun ayniqsa taʼsirli boʻldi. Olib borilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar sodir etilishi mumkin boʻlgan yoʻl transport hodisalarining oldini olishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati