Jo‘qorg‘i Kenges Raisi eng olis garnizonda ko‘rkam binolarni Vatan himoyachilariga topshirdi

0
1257

So‘nggi besh yillik davrda Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning asosi zamirida harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, xizmatni o‘tash va yashash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qo‘shinlarning jangovar shayligini yuksaltirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar turibdi. Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida mamlakatimiz bo‘ylab foydalanishga topshirilayotgan ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik ob’yektlari bunga yaqqol misol.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi – hududiy harbiy-ma’muriy sektori rahbari Murat Kamalov hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Nukus tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilarga bayram arafasida tuhfa sifatida yangidan qurilgan ko‘rkam Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda qism shtabi binolarini foydalanishga topshirdi.

Tantanali tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda quruvchilar ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, bundan oldin eng olis garnizonda joylashgan mazkur harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar o‘z farzandlarini fan va sport to‘garaklariga berishda muammolar vujudga kelardi. Harbiy shaharcha tuman va shahar markazidan olisroqda joylashgani ham qo‘shimcha qiyinchiliklar yaratdi. Kattaroq tadbir o‘tkazish uchun ham alohida zal bo‘lmagan.

Garnizondagi 2-sonli harbiy shaharcha hududida 2021-yilning mart oyida qurilishi boshlangan mazkur ob’yekt ilgari tashlandiq bo‘lib turgan 1100 kvadrat metr maydonda bunyod etilib, bir qavat va uch majmuani o‘z ichiga oladi.

Birinchi majmuada tantanalar zali hamda mehmonlarni kutib olish xonalari.

Ikkinchi majmuada Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida harbiy xizmatchilarning farzandlariga xizmat ko‘rsatuvchi matematika, mental arifmetika, ona tili, ingliz tili, rus tili va kompyuter savodxonligidan to‘rtta to‘garak va bitta kutubxona uchun xonalarini o‘z ichiga oladi.

Uchinchi majmua sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qilib, unda yopiq sport maydonchasi, fitnes hamda og‘ir atletika bilan shug‘ullanish uchun zallar barpo etildi. Binoda sanitar tizim, kiyim almashtirish va yuvinish uchun joylar ham muhayyo etilgan.

Shuningdek, ko‘rkam bino ichkarisining markazida manzarali gul va daraxtlar bilan bezatilgan “qishki bog‘” yaratilib, bu yerga kirgan insonlarga xushkayfiyat ulashmoqda.

Tadbir davomida harbiy qismning kapital ta’mirdan chiqqan 5 ta jangovar tayyorgarlikdan mashg‘ulot hamda 15 ta xizmat xonasidan iborat bo‘lgan ikki qavatli shtab binosi ham ezgu niyatlar bilan foydalanish uchun topshirildi.

Mehmonlar tomonidan bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berilib, quruvchi tashkilotga tashakkur bildirildi.

Harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining madaniy hordiq olishini tashkil etish, yoshlarning ma’nan va jismonan barkamol bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashga xizmat qiladigan ushbu markaz qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisobidan ajratilgan pul mablag‘lari evaziga bunyod etildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati