Keng qamrovli festival mingdan ortiq aholi va yoshlarni bir joyga jamladi

0
2669

Jizzax shahar Mustaqillik maydonida “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida keng qamrovli festival oʼtkazildi.

Tashabbuskorlari Markaziy harbiy okrug qoʼmondonligi va Jizzax viloyati hokimligi boʼlgan ushbu keng qamrovli tadbirga Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Xalq taʼlimi, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Chegara qoʼshinlar, FVV, Madaniyat hamda jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, Oʼzbekiston mudofaasiga koʼmaklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti, Yozuvchilar uyushmasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat boʼlimi ham bosh qoʼshdi.

Erta tongdan tashkil etilgan tadbir mingdan ortiq aholi va yoshlar ishtirokida yugurish hamda velomarafon, keyin esa jangovar texnika va qurol-aslahalar, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlarining koʼrgazmasiga ulanib ketdi.

Harbiy xizmatchilarning shaxdam qadamlar bilan va ustida Davlatimiz bayrogʼi hilpirab turgan harbiy texnikalarda oʼtishi, yaʼni harbiy parad yigʼilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Shu kuni harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, oʼquvchilar, talabalar, uyushmagan yoshlardan iborat mehmonlar xalq oʼyinlari boʼyicha bellashish imkoniyatiga ega boʼldi. Xususan, milliy kurash, tosh koʼtarish, arqon tortish, kamondan oʼq otish, qoʼl jangi, bilak kuchini sinash musobaqalari qiziqarli tus oldi.

Festivalda tashkil etilgan milliy hunarmandchilik paviloni hamda turli oʼyinlarning sahna maydonlari ham sanʼatsevar yoshlarni oʼz bagʼriga chorladi.

Mudofaaga koʼmaklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining harbiy-sport texnikalari, qoʼl jangi, kinologiya va kavaleriya mutaxassislarining chiqishlari festival ishtirokchilarining tasavvurini jonlantirdi.

Turli sport federatsiyalarining sport musobaqalari, milliy cholgʼu asboblari ijrosi, «Vatan haqidagi eng yaxshi sheʼr» tanlovi festival ishtirokchilariga koʼplab doʼstlar ortirish imkonini berdi.

Vatanparvarlik festivalida soʼz olgan okrug qoʼshinlari qoʼmondoni polkovnik Oybek Saidov butun yurtimiz boʼylab oʼtkazilayotgan tadbirlarning mazmun-mohiyati hamda uning zamirida eng avvalo yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularni qoʼllab-quvvatlash turganini taʼkidladi.

Shundan soʼng festival tashkilotchilari turli musobaqa va koʼrik tanlovalarda gʼolib boʼlgan sportchi va sanʼatsevar yoshlarga diplom va esdalik sovgʼalarini topshirishdi.

Tantanali taqdirlash marosimidan soʼng navbat festivalning badiiy qismiga yetib keldi. Unda viloyat musiqali drama teatri jamoasi hamda harbiylar tomonidan Jaloliddin Manguberdining Chingizxon qoʼshini ustidan qilgan gʼalabasi haqidagi jonli sahna koʼrinishi, viloyatning taniqli sanʼatkorlari va Jizzax garnizoni harbiy orkestrlarining badiiy-musiqiy chiqishlari namoyish etildi.

Umuman olganda, festivalda ishtirok etgan har bir yurtdoshimiz olam-olam taassurotlar ila xalq va armiya yakdil ekanligiga yana bir bor amin boʼlishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati