Ijodkor va sanʼatkorlar mard oʼgʼlonlar huzurida

0
881

Milliy armiyamiz va xalqning tobora bir-biriga yaqinlashayotgani, yakdil maqsadlar yoʼlida koʼmakchi boʼlayotgani – bu boradagi islohotlarning shirin mevasi ekani shubhasiz. Аyniqsa, yaqinlashib kelayotgan “Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni arafasida oʼtkazilayotgan hamkorlikdagi uchrashuvlar oʼzaro aloqalarni mustahkamlab bormoqda.


Bugun Toshkent shahrida joylashgan Toifalangan obʼektlarni qoʼriqlash qoʼshinlari qoʼmondonligida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir oʼtkazildi.
Tadbirda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʼrinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzosi Bahodir Umurzakov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy-vatanparvarlik boʼlimi boshligʼi Maxfirat Zikirova, Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boʼlim boshligʼi, shoira Farogʼat Xudoyqulova, Oʼzbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan artist, Oʼzbekiston Davlat drama teatri aktrisasi Munojat Teshaboeva, “Lazgi” ansamblining xushovoz xonandasi Xurshid Sobirov, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktyori Baxtiyor Аhmedov va boshqalar ishtirok etishdi.
Harbiy qismga tashrif buyurgan mehmonlar dastlab harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan kutubxona, oʼquv xonalari, muzey, sport zal, maʼnaviyat xonasi bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan soʼng harbiy qism majlislar zalida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari bilan “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir oʼtkazildi. Mehmonlarning tabrik soʼzlari, ular tomonidan ijro etilgan sheʼrlar, kuy-qoʼshiqlar, teatr sahna asarlaridan parchalar tadbirga bayramona ruh bagʼishlab, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Аyniqsa, harbiy xizmatchi sanʼatkorlarning Vatan va muhabbat haqidagi oʼtli qoʼshiqlari barchani toʼlqinlantirib yubordi.
Jamoatchilik kengashi aʼzolarining, el ardogʼidagi sanʼatkorlarning harbiy qism va muassasalarda uyushtirayotgan bu kabi tashriflari armiya va xalq birdamligining yaqqol koʼrinishi ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.

Mudofaa vazirligi Аxborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti