Qoʼmondon Prezident maktabi oʼquvchilari bilan uchrashdi

0
1585

Markaziy harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni polkovnik Oybek Saidov Jizzax shahridagi Prezident maktabi oʼquvchilari bilan uchrashdi.

“Qoʼmondon va yoshlar” uchrashuvida ertamiz davomchilari milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan xalqaro armiya oʼyinlarida qoʼlga kiritilayotgan yutuq va marralar haqida batafsil maʼlumot olishdi.

Tadbir davomida harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni oʼz maʼruzasida Qurolli Kuchlarimiz tashkil topishining huquqiy asoslari, armiyani shakllantirishda bosib oʼtilgan mashaqqatli yoʼl, Qurolli Kuchlar tuzilishi va tarkibi hamda oʼzining hayot yoʼli haqida batafsil soʼzlab berdi.

Quvonarlisi, qoʼmondonning Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan mamlakatimiz shaʼnini xalqaro ahamiyatga ega boʼlgan nufuzli musobaqa va tanlovlarda munosib himoya qilib kelayotganligi haqidagi soʼzlari yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirdi.

Shuningdek, qoʼmondon va faxriylar oʼquvchi yoshlarga Vatan himoyasiga bel bogʼlagan xar bir farzand faqatgina jismonan baquvvat emas, balki aqlan va ruhan yetuk boʼlishi kerakli hamda eng asosiysi Vataniga, xalqiga, prezidentiga sadoqatli boʼlishi kerakligini uqtirishdi.

Shundan soʼng yoshlar shartnoma asosida harbiy xizmatga kirish, harbiy bilim yurtiga oʼqishga kirish tartibi, armiyada yoshlar uchun qanday imkoniyatlar berilishi va shu kabi sohaga oid qiziqtirgan savollariga batafsil javob olishdi.

Suhbat davomida oʼquvchi yoshlar ham Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yurtimizning barcha hududlarida barpo etilgan bundayin maktablarda taʼlim olayotgan oʼquvchi yoshlar kelgusida yurt ravnaqiga oʼzining munosib hissasini qoʼsha oladigan inson boʼlib voyaga yetishlarini va eng muhimi, vatanparvarlik shijoati bilan harakat qilishlarini taʼkidlab, erishayotgan yutuqlarini sheʼr, qoʼshiq va turli koʼrinishlarda namoyon etishdi.

Uchrashuv yakunida qoʼmondon yoshlarga badiiy adabiyotlar toʼplami, sport anjomlari hamda esdalik sovgʼalarini ulashib, ularni yuksak marralar sari ruhlantirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati