Xorazmdagi harbiy qismda kapital taʼmirdan chiqqan obʼektlar foydalanishga topshirildi

1057

Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalьonida kapital taʼmirdan chiqqan bir qator bino va inshootlar tantanali tarzda foydalanishga topshirildi.
Taʼkidlash joizki, 2003 yilda Oʼzbekiston armiyasida yangi harbiy xizmat turi sifatida joriy etilgan Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat ish-joyidan, oʼqishidan uzilmasdan harbiy xizmatni oʼtash imkoni borligi bilan yurtdoshlarimizga manzur boʼlmoqda.
Binolarni foydalanishga topshirish tadbirida Shimoli-gʼarbiy harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Xorazm viloyati hokimi oʼrinbosari – viloyat mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʼi Jahongir Saʼdullaev, Shovot tuman hokimi Hakimjon Otaxonov, nuroniylar, jamoatchilik vakillari, chaqiriluvchilarning ota-onalari va yaqinlari, quruvchilar hamda oʼsmir yoshlar ishtirok etdi.
Soʼzga chiqqanlar tomonidan oxirgi besh yilda mamlakatimizda barcha tarmoqlar singari harbiy sohaga ham eʼtibor koʼpayib borayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat faoliyati bilan shugʼullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani, harbiy obʼektlarning qurilishi keng koʼlamda olib borilayotgani eʼtirof etildi. Darvoqe, soʼnggi yillar mobaynida olib borilgan koʼlamli ishlar natijasida bugun Qurolli Kuchlarimizning jangovar qobiliyatini bir necha barobarga oshirishga, xalqaro maydonlardagi harbiy musobaqalarda yuqori oʼrinlarni qoʼlga kiritishga erishildi.


2020 yilda ushbu harbiy qismda yangitdan barpo etilgan 250 oʼrinli askarlar yotoqxonasi hamda bir vaqtning oʼzida 490 kishiga xizmat qoʼrsatish qudratiga ega boʼlgan sanitar tizim binolari va isitish tizimi foydalanishga topshirilgan edi.
2021 yilda Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan mablagʼlar evaziga bu safar 16 ta oʼquv sinflaridan iborat boʼlgan 2 ta oʼquv binosi, 200 oʼrinli 2 ta yotoqxona, sport zali, shtab binosi hamda suv nasos stantsiyasi kapital taʼmirlanib, zamonaviy mebelь jihozlari va oʼquv-moddiy baza bilan takomillashtirilib, bayramga tuhfa sifatida foydalanishga topshirildi.
Shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimizning harbiy ilm sirlaridan soʼzlovchi Аmir Temur va Jaloliddin Manguberdi sinfxonalari endilikda bu yerda tahsil olayotgan chaqiriluvchilarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash, ularga buyuk tariximizni oʼrgatishga xizmat qiladi.
Zamonaviy trenajyor va anjomlar bilan butlangan sport zali mamlakatimiz bayrogʼini yuksaklarga koʼtaradigan yosh va umidli sportchilarni shakllantirishda ahamiyatli boʼladi.
Kitob fondiga boy boʼlgan kutubxona kitobsevar yurtdoshlarimizning ehtiyojini qondirib, maʼnaviy ozuqa beradi.
Tadbir davomida mehmonlar harbiy qismda amalga oshirilgan keng koʼlamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishishdi.
Tuman madaniyat boʼlimi hamda Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan namoyish etilgan kontsert dasturi yigʼilganlarga bayramona kayfiyat bagʼishladi.
Taʼkidlash joizki, «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʼgʼrisida»gi qonunga muvofiq, muddatli harbiy xizmatni oʼtashga yaroqli, harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʼlmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatga chaqirilmagan shaxslar SChR safiga olinadilar.
Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oʼn sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha boʼlgan chaqiriluvchilar olinadi va ular maxsus hisob raqamga pul badalini toʼlaganlaridan soʼng oylik harbiy yigʼinlarga jalb etiladi. Oylik yigʼinni oʼtab, Vatanga qasamyod qabul qilganlarga harbiy guvohnoma beriladi.

Shimoli-gʼarbiy harbiy okrug matbuot xizmati