Qoʼngʼirot tumanidagi harbiy qismda yangi bino va inshootlar foydalanishga topshirildi

0
1869

Mudofaa vazirligi qoʼshinlarida davlat bayramlari arafasida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun yashash xonadonlari, harbiy qismlarda yangi bino va inshootlarning foydalanishga topshirilishi anʼanaga aylangan.
Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi bayrami arafasida Mudofaa vazirligiga qarashli Qoraqalpogʼiston Respublikasi Qoʼngʼirot tumanida joylashgan harbiy qism yangitdan taʼmirlanib foydalanishga topshirildi.


Harbiy qismning tantanali ochilish marosimida qoʼshinlar qoʼmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov, Shimoliy-gʼarbiy harbiy okrug qoʼmondonligi masʼul ofitserlari, hamkorlikdagi huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari, Ustyurt gazni qayta ishlash zavodi rahbariyati hamda Qurolli Kuchlar faxriylari va oʼquvchi yoshlar ishtirok etishdi.
Shu kuni shinam va yorugʼ xizmat xonalari, oʼzida yopiq suzish havzasi, kurash zali va sport toʼgaraklarini oʼtkazishga moʼljallangan majmua, harbiy tarix muzeyi, kinozal, ruhiy barqarorlikni taʼminlash xonasi va 400 oʼrinli madaniyat markazi zamonaviy mebel va targʼibot vositalari bilan jihozlangan holda foydalanishga topshirilishi harbiy xizmatchilar uchun chinakam bayram tuhfasi boʼldi.
– Harbiy qismimizdagi bino va inshootlarning yangitdan taʼmirlanib foydalanishga topshirilishini, biz harbiylarga koʼrsatilayotgan eʼtibor namunasi, deb bilaman. Yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda bizga ishonib topshirilgan jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga vaʼda beramiz, – deydi vzvod komandiri kapitan Аzamjon Qoʼldoshev.

Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti