Harbiy xizmatchilarning saxovati Nurotadan tortib Baxmal togʻlarigacha yetib bordi

0
2555

Markaziy harbiy okrugning Jizzax, Samarqand hamda Navoiy garnizonlari saxovat karvonlari Navoiy viloyatining eng chekka va olis hududi hisoblangan Nurota tumanidan tortib Jizzax viloyatining togʻli hududlari hisoblangan Baxmal tumanidagi yurtdoshlarimizning xonadonlarigacha yetib bordi.

Jumladan, harbiy xizmatchilar hududlarda istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatanashchilari, yolgʻiz qariyalar, kam taʼminlangan hamda nogironligi boʻlgan xonadon egalariga saxovat koʻrsatishdi.

Harbiy xizmatchilar tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmasa-da, biroq ogʻir kunlarda xalqimizga koʻmak berish uchun “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida kam taʼminlangan oilalarga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishdi.

Darhaqiqat, yurtdoshlarimizning salomatligini asrash, ularni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlatimiz, hukumatimiz tomonidan oʻz vaqtida koʻrilayotgan chora-tadbirlar samarasini bermoqda, albatta.

Mard va jasur harbiy xizmatchilarimiz ham koʻrsatayotgan saxovati bilan olijanob xalqimizni yanada jipslashtirib, mehr-oqibat, hamjihatlik va ahillik kabi yuksak insoniy fazilatlar sohibi ekanini yana bir bor amalda namoyon etib kelayotir.

Harbiy xizmatchilar xonadonlarda hashar ham uyushtirib, saranjom va sarishtalik ishlarini amalga oshirishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati