Qurolli Kuchlar davlat muzeyi koʻrkam qiyofaga kirdi

0
3049

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida muassasaning qayta taʼmirdan soʻng ochilishiga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparati mutasaddilari, Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etgan tadbirda muzeyda taʼmirlash, koʻrgazma zallari eksponatlarining qayta jihozlash va boyitish jarayoni xususida maʼlumot berildi.

Tadbir ishtirokchilari yanada koʻrkam qiyofa kasb etgan uch qavatli muzeyda yaratilgan zamonaviy qulayliklar, “Yangi Oʻzbekiston” ekspozitsiyasi, ilmiy axborot markazi, “Book cafe” va xizmat xonalaridagi sharoitlar bilan tanishdi. Ekskursiya davomida Qurolli Kuchlar faxriylari milliy armiyamiz qudratini aks ettiruvchi ayrim eksponatlarga doir yorqin xotiralarini yodga oldi. Ushbu maʼnaviyat maskani yoshlar va harbiy xizmatchilar uchun chinakam oʻtish va kelajakni bogʻlovchi koʻprik ekani taʼkidlandi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 30 yilligi arafasida mazkur muzeyda amalga oshirilgan ishlar va yaratilgan qulayliklar yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti