“Mening akam Vatan himoyachisi!” shiori ostida onlayn telekoʻprik tadbiri oʻtkazildi

0
2651

Markaziy harbiy okrugining Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonlaridagi va Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar va ularning yaqinlari oʻrtasida onlayn telekoʻprik tadbiri oʻtkazildi.

Samarqandda muddatli harbiy xizmatchilar tengdoshlarining onalarini ochiq yuz bilan kutib olib, ularga hurmat ehtirom koʻrsatishdi.

Muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari, aka-ukalari, singillari egnida harbiy libos kiyib, sadoqat bilan yigitlik burchini oʻtayotgan askarlar bilan dildan suhbatlashar ekan, yaqinlashib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi hamda 14-yanvar Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan samimiy tilaklar ila tabrikladi.

Ayniqsa, askarlarning ukalari va singillari oʻrtasida oʻtgan suhbat jarayonlarida, oʻgʻil-qizlar akasining Vatan himoyachisi ekanligidan faxrlanishlarini va ular kabi Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan ado etishlarini bildirishdi.

“Akam anchagina ulgʻayipti, koʻrkam, baquvvat, ogʻir bosiq va eng muhimi dunyo qarashi oʻzgarib, bizga boʻlgan mehri yanada ortibdi”, — deydi muddatli harbiy xizmatchi Jafar Xusanovning ukasi Javohir Xusanov

Tadbir davomida har bir harbiy qismda oʻtirgan ota-onalarga farzandining naʼmunali xulqi va harbiy qismdagi faolligi bilan safdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgani bois qoʻmondonliklarning maxsus tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Onlayn tarzda oʻtkan uchrashuvda soʻng, askarlarning ota-onalari va yaqinlari harbiy qismlar boʻylab sayohat qilib, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati