Yangi massivda harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi

0
2540

Samarqand garnizonidagi vatanparvarlik karvoni navbatdagi harbiy vatanparvarlik festivalini Samarqand shahrida yangidan bunyod etilgan Qorasuv massivida o‘tkazishdi.

Unda so‘z chiqqan harbiy xizmatchilar hamda mahalla faollari butun yurtimiz bo‘ylab “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan shior ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarning mazmun-mohiyati xususida to‘xtalib, unda barchani faol ishtirok etishga chorladi.

Shundan so‘ng aholi va yoshlarda harbiy-vatanparvarlik hislarini uyg‘otish maqsadida harbiy hizmatchilar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, faxriy qorovul vzvodining ko‘rgazmali chiqishlari va qo‘l jangi elementlari tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Harbiy orkestr ijrosidagi tinchlik va ona Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar hamda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi yoshlar qalbiga harbiy xizmat muqaddas burch, yuksak sharaf ekanini muhrlash bilan birga, Vatan himoyachisi bo‘lish kabi istaklarini uyg‘otdi.

Festival doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida turli aksiyalar o‘tkazilib, Qurolli Kuchlarimiz bugungi qudrati va salohiyati xususida so‘rovnomalar, ularning bu boradagi bilimlarini mustahkamlashga ko‘maklashish va xalq armiya birdam ekanligi, Qurolli Kuchlarimiz 30 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kunini targ‘ib qiluvchi bukletlarni tarqatish hamda stikerlarni yopishtirish ishlari amalga oshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati