Nukusda kuch tuzilmalari vakillari sport musobaqalarida bellashdi

0
2221

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga bagʻishlab Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan Nukus garnizonidagi markaziy sport majmuasi bazasida kuch tuzilmalari vakillari oʻrtasida sport musobaqasi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Chegara qoʻshinlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirok etgan musobaqada jami 8 ta jamoa milliy va ommaviy sport turlari boʻyicha kuch sinashdi.
Bellashuvlar qizgʻin bahs va munozaralarga boy boʻlgani, kuchli raqobat va doʻstona ruhda oʻtkazilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Sogʻlom turmush tarzini, milliy va ommaviy sport oʻyinlarini targʻib etishga qaratilgan musobaqada har bir ishtirokchi ohirgi soniyalarga qadar jamoa shaʼnini himoya qilishga, gʻalabaga erishishga intildi.
Arqon tortish bellashuvida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning birinchi va ikkinchi jamoalari shohsupaning yuqori pogʻonalaridan joy olgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Tosh koʻtarish bahsida polvonlar 75, 85, 90 kg.gacha hamda 90 kg.dan yuqori vaznlilar oʻrtasida kuch sinashdi. Yuqori natijalar bilan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug jamoasi 1-oʻrinni, Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi jamoasi 2-oʻrinni va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 3-oʻrinni egalladi.
Voleybol boʻyicha musobaqada Ichki ishlar vazirligi jamoasi shohsupadan joy olgan boʻlsa, ikkinchi pogʻonaga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi koʻtarildi. Kuchli uchlikdan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug jamoasi joy oldi.

Mini futbol boʻyicha oʻtkazilgan bellashuvda ham Ichki ishlar vazirligi jamoasining qoʻli baland kelib, gʻalabaga erishdi. Ikkinchi oʻrinni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug jamoasi hamda uchinchi oʻrinni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻyicha boshqarmasi jamoasi qoʻlga kiritdi.

Umumjamoa hisobida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug jamoasi shohsupaning 1-pogʻonasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2-pogʻonadan va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 3-pogʻonadan joy oldi.

Ishtirokchilarni tantanali taqdirlash marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari polkovnik Dilshod Ilhomov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari polkovnik Islom Ahmedov ishtirok etdi.
Doʻstona ruhda oʻtgan musobaqa kuch tuzilmalarining hamkorligini yuksaltirishga hissa qoʻshishi bilan ahamiyatli ekani soʻzga chiqqanlar tomonidan eʼtirof etildi.
Gʻolib va sovrindorlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan kubok, diplom, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati