Prezident sovg‘alari qoraqalpog‘istonlik urush faxriylariga ham yetkazildi

457

Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlarning bevaqt o‘limiga, katta yo‘qotishlar va talafotlarga sababchi bo‘lgan tarixdagi eng dahshatli qonli qirg‘inlardan biri sifatida muhrlanib qoldi. Millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan o‘sha dahshatli urushda yurtdoshlarimiz ham tinchlik va yorqin kelajak uchun mardonavor kurash olib bordi, jang maydonlarida mardlarcha qurbon bo‘ldi, yaralandi, mayib-majruh bo‘lib qaytdi. 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi. Ularning qahramonligi doim yodimizda, mangu va abadiy yashab keladi.

Urushda 66 ming nafar qoraqalpog‘istonlik ishtirok etgan va ulardan 34 ming nafari janggohlarda halok bo‘lgan. Qoraqalpog‘istondan frontga safarbar etilgan yurtdoshlarimizning 14 mingdan ziyodi jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Bugungi dorilomon kunlarda qoraqalpog‘istonlik 5 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi zamonamizda umrguzaronlik qilib kelmoqda.

Kirib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi vakillari, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, shahar va tuman hokimliklari hamda davlat va jamoat tashkilotlari a’zolari Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Qodirboy Normanov, Xo‘jayli tumanida umrguzaronlik qilayotgan Nurulla Isakov, Qonliko‘lda Orazbay Nametullayev, Qorao‘zakda Genjemurat Allaniyazov, to‘rtko‘llik Ivan Galenko holidan xabar olishdi.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi, sovg‘a-salomlari va moddiy yordam, yangi nashrdan chiqqan “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob albom, dori-darmon uchun 1 million so‘mlik sertifikatlar, birlamchi oziq-ovqat maxsulotlari yetkazib berildi.

Faxriylarning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va jasorati ulug‘lanib, urush yillaridagi kuy va qo‘shiqlar yangradi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati