Xorazmlik 11 nafar urush qatnashchilariga Prezident sovg‘alari topshirildi

0
852

Kino va hujjatli filmlarda o‘sha mash’um Ikkinchi jahon urushining dahshatlarini ko‘rgan bo‘lsak-da, urushda Vatan ozodligi, kelajagi uchun kurashgan insonlarning ko‘rgan-kechirganlarini hech qachon ko‘ra olmaymiz, ular o‘sha paytda qanday qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazganini bilmaymiz ham. Ularning urush yillarida ko‘rsatgan tengsiz mardlik va jasoratni xalqimiz hech qachon unutmaydi.

Ikkinchi jahon urushida 67 mingdan ziyod xorazmlik qatnashgan. Ularning qariyb yarmi jangda halok bo‘ldi, minglab norg‘ul yigitlar nogiron bo‘lib qaytdi, 7 mingdan ziyodining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Jang maydonlarida ko‘rsatgan jasorati uchun 3 mingga yaqin Xorazm o‘g‘loni orden va medallar bilan mukofotlangan.

Bugun Ikkinchi jahon urushida qatnashgan yurtdoshlarimizning safi anchagina kamayib qolgan. Oramizda umrguzaronlik qilayotganlar ham bir asrga tenglashmoqda.

Xorazm viloyatining Xonqa tumanida istiqomat qilayotgan Qo‘shnazar ota Rahimov, Urganch shahrida istiqomat qilayotgan Sobir ota Qurbonov hamda Gurlan tumanida yashayotgan Bobojon ota Madaminovning xonadonlariga Yangi yil bayrami bilan tabriklash va holidan xabar olish uchun viloyat hokimi Farhod Ermanov va Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, faxriylar va bir guruh jamoatchilik vakillari tashrif buyurishdi.

Nuroniylarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi, sovg‘a-salomlari va moddiy yordam, yangi nashrdan chiqqan “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob-albom, dori-darmon uchun 1 million so‘mlik sertifikatlar, birlamchi oziq-ovqat maxsulotlari yetkazib berildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayot yo‘li chinakam ibrat bo‘lgan faxriylarimizning ko‘ksini endilikda “O‘zbekiston Respublikasi mutaqilligining 30 yilligi” ko‘krak-nishoni ham bezamoqda.

Bugun belidan quvvati qochib, kamgap bo‘lib qolganiga qaramay mehmonlarning tashrifidan qo‘ngli shod bo‘lgan nuroniylar hozirgi tinchlik va osoyishtalikka ko‘z tegmasin, deya duo qilishdi.

Shuningdek, Prezident sovg‘alari Hazorasp tumanidagi Kuranboy ota Abdiyev va Bekchon Matnazarov, shovotlik Shamurat ota Jumaniyozov, yangiariqlik Amin ota Matniyozov va Ismoil ota Avezov, Yangibozordan Abdulla ota Ahmedov, Urganch shahridan Jabbor ota Qalandarov hamda qo‘shko‘pirlik Vapo ota Iskandarovlarga tantanali tarzda topshirildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati