Urganchdagi harbiy qismda yangi yil kechasi o‘tkazildi

0
674

Urganch garnizonidagi harbiy qismlaridan birida bo‘lib o‘tgan “Yangi yil tantanasi”da bolajonlar moʻjizaviy ertaklar olamiga sayohat qildi.

Xorazm viloyati davlat Qo‘g‘irchoq teatri bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bayramona konsert dasturi davomida multqahramonlar ishtirokidagi kuy va qo‘shiqlar, qiziqarli shou dasturlari, Qorbobo va qorqizning tashrifi jajji tomoshabinlarga bir olam quvonch hadya etdi.

Yangi yil – nafaqat kichik yoshdagi bolajonlarning eng sevimli bayrami, balki kattalar ham ushbu kunni intiqib kutadi. Yangi yil bayramiga ham sanoqli kunlar qoldi. Xonadonlarda bayramona kayfiyat: archa bezatilgan, bolajonlar Qorboboga turli tilaklar bilan xat yozishmoqda. Bolalik orzulari qog‘ozni quchayotgan ezgu tilak, niyat va istaklar orasida kimdir Qorbobodan velosiped so‘raydi, yana kimdir ota-onasi bilan baxtli hayot kechirishni tilab qoladi. Yangi yil ana shunday xush kayfiyat ila xonadonlarga kirib boradi. Yangi yil bayrami arafasida o‘tkazilgan tadbirda ota-onalar ham maroqli hordiq chiqarishdi.

Tadbir so‘nggida barcha bolajonlarga Qorboboning sovg‘alari ulashildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati