Qashqadaryoda urush qatnashchilariga yuksak ehtirom ko’rsatildi

0
654

Bugungi yorug’ kunlarga yetib kelish yo’lida qanchadan-qancha mard va zaxmatkash insonlar jasorati yotgani bot-bot ta’kidlanmoqda. Ikkinchi jahon urushi fronti va front orti qatnashchilariga bo’lgan e’tibor va g’amxo’rliklar davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida istiqomat qilib kelayotgan bir nechta urush qatnashchilariga ham xuddi shunday yuksak ehtirom ko’rsatildi. Viloyat hokimi, Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug qo’shinlar qo’mondoni, faxriylar va keng jamoatchilik vakillari qonli janglarda qahramonlik ko’rsatgan Ahmad bobo Jalilov xonadoniga tashrif buyurdilar.

Avvalo nuroniy otaxon holidan xabar olinib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining bayram tabrigi tantanali ravishda o’qib eshittirildi. Shuningdek, “Mustaqilligimizning 30 yilligi” esdalik nishoni qahramon ko’kragidagi medal va nishonlar safini to’ldirdi. 1 000 000 so’mlik sertifikat, “O’zbekiston ikkinchi jahon urushi davrida” kitob albomi va qimmatbaho sovg’alar topshirilib, dildan suhbatlar qurildi. Har so’zida urushdan nafrat, tinchlikka shukronalik hissi ufurib turgan qahramon ota barchaga tabrik uchun minnatdorlik bildirib, duolar qildi.

Keying manzil bir paytlar urush zaxmatlarini totib, bugun farzandlar va nabiralar ardog’ida yashab kelayotgan Vera opa Nosirova xonadoni bo’ldi. Qarshi garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi kuylar xonadon sohiblariga bayram kayfiyatini ulashdi. Prezident tabrigi, sovg’a-salomlar hamda ko’krak nishonlarining topshirilishidan to’lqinlangan onaxonning dil so’zlari barchani quvontirdi.

Tinchlik – bebaho ne’mat. Shunday ekan, bu yo’lda mehnat qilganlar zaxmati ham bemisldir. Zero urush qatnashchilariga ko’rsatilayotgan bu qadar yuksak ehtirom ham erk va tinchlik ardog’idir.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati