Qashqadaryoda joylashgan harbiy qismda yangi bino va inshootlar foydalanishga topshirildi

0
833

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi bayrami arafasida, harbiy qismlar infratuzilmasini yaxshilash, harbiy xizmatchilarning xavfsiz xizmat olib borishini hamda ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida Mudofaa vazirligining Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida yangi bino va inshootlar foydalanishga topshirildi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari, Qoʻshinlar qoʻmondoni, hududiy sektor rahbarlari, Nuroniylar va Qurolli Kuchlar faxriylari bilan birga hamkorlikdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida viloyat hokimi oʻrinbosari Anvarjon Eshonqulov va Qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov ramziy lentalarni kesib, yangidan qurilib, zamonaviy mebel va targʻibot vositalari bilan jihozlangan “Askarlar yotoqxonasi” binosini foydalanishga topshirdi va ezgu niyatlar ila yangi nihol koʻchatlar ekishdi.

Soʻngra, tadbir ishtirokchilari harbiy qismda yangi taʼmirlangan va zamon talablariga asosan jihozlanib, yurt himoyachilari ixtiyoriga topshirilgan “Situatsion markaz”, “Yoshlar ittifoqi xonasi”, “Ruhiy zoʻriqishlarni yechish xonasi”, “Buyuk sohibqiron Amir Temur” va “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” sinfi, “Vatanparvarlik” sinfi hamda “Jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik oʻquv sinflari”da yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida harbiy qism shahsiy tarkibiga mudofaa vazirining sovgʻasi xizmat avtomobili hamda ilgʻor harbiy xizmatchilarga faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.