Jizzaxda ham 4 nafar urush faxriylariga sovgʼa-salomlar yetkazildi

0
519

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʼbatlantirish davom etmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatida oʼtkazilgan tadbirlar davomida 4 nafar urush qatnashchilariga viloyat hokimi Ergash Soliev boshchiligida Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari, viloyat Mudofaa ishlar boshqarmasi hamda jamoatchilik vakillari faxriylarni bayram bilan qutlab, Prezident sovgʼalarini topshirishdi.

Dastla, mehmonlar Jizzax shahridagi “Qassoblik” mahallasida istiqomat qiluvchi Xolmat ota Sharipov xonadonida boʼlishdi. Urush davrida fashistlarga qarshi Berlingacha jang qilib borgan Xolmat ota bugungi dorilamon kunlar uchun shukronalar aytib, eʼtibor uchun behad minnatdor ekanligini qoʼllarini duoga ochib bildirdi.

1943-yilda barcha oʼzbek oʼgʼlonlari singari frontga otlangan Аbdujalil ota Аbdujabborov ham Prezidentimizning nazaridan chetda qolmadi. Hokim va harbiy xizmatchilarning tashrifidan xursand boʼlib, davlatimiz rahbariga alohida minnatdorchilik bildirdi va oʼzining begʼubor damlarini almashgan oʼsha mashʼum vaqtlarni xotiraladi hamda bugungi tinch va osoyishta hayotni qadriga yetmoqlikni taʼkidladi.

Sovgʼa-salomlarni oʼz vaqtida oʼz egalariga yetkazishni va Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining holidan xabar olishni maqsad qilganlarning keyingi manzili front ortida mehnat qilgan Аnna Lazarevaning xonadoni boʼldi. Koʼplab qiyinchiliklarni koʼrgan va bugunga kelib tinch va osoyishta hayotning bergan neʼmatidan bahra olib yashayotganini taʼkidlagan Аnna Lazareva bundayin yurt hech qaerda yoʼqligini va uning mustaqilligi abadiy boʼlishini tiladi.

Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi urush faxriysi Mamasharif ota Siddiqov bu yil asr bilan boʼylashdi. Bugun u kishining xonadoniga ham shodlik va hursandchilik eshik qoqib kirdi.
– Аncha vaqtdan beri betob edim, bugun Davlatimiz rahbarining eʼtibori va eʼzozida ekanimdan bagʼoyatda hursand boʼldim va dardlarim forigʼ boʼldi, – deydi Mamasharif ota Siddiqov.

Xulosa qilib aytganda, inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, gʼalabaga munosib hissa qoʼshgan hech bir kishini xotirasidan forigʼ qilmaydi.

Markziy harbiy okrug matbuot xizmati