Harbiylar onkologiya markazi bemorlariga bayram kayfiyati ulashdi

0
665

“Savob” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, “yaxshilik”, “ezgulik” degan ma’nolarni anglatar ekan. Hadislardan birida esa “Savob ishni har kim, har kun qilishi kerak” deya ta’kidlab o‘tiladi. Darhaqiqat, savob va xayrli ishlar hamisha insoniyatni yaxshilik va ezgulik sari yetaklaydi. Insonlar orasida mehr-oqibat mustahkamlanib boraveradi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining tashabbusi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida yangi yil bayrami fayzi ulashildi.

So‘nggi yillarda onkologik kasalliklar soni keskin ortgan. Achinarlisi shundaki, har yili jahon bo‘yicha 16 million nafar onkologik bemor aniqlanar ekan. Harbiylar tashrif buyurgan shifo maskanida esa ayni paytda 190 nafar turli yoshdagi bemorlar onkologik xastalik bilan ro‘yxatga olingan bo‘lib, nazorat ostida stasionar davolanib kelishadi.

Yangi yil bayramining bosh qahramoni – Qorbobo kiyimlarini kiygan Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasining Markaz poliklinikasida paydo bo‘lishi bemorlarga kutilmagan bayramona tuhfa bo‘ldi. Kasalxonaning barcha qavatlarida harbiy orkestrning yangi yil bayrami haqidagi kuy va qo‘shiqlari jaranglab, otaxonu-onaxonlar, jajji bemor bolakaylarning qalbini quvonchu-shodlikka to‘ldirdi.

Markazning onkologiya bo‘limida davolanayotgan kichik yoshdagi bolakaylarga harbiylar tomonidan Qorboboning sovg‘alari ulashildi. Har bir ota-ona uchun farzandining chehrasida zohir bo‘lgan tabassum katta baxt, albatta. Bolasining kulgusidan masrur onajonlar harbiylarga cheksiz minnatdorchilik izhor etisharkan, ko‘zlaridan quvonch yoshlari qalqirdi. Hayajonli va unutilmas onlar sifatida muhrlangan kun qanchadan-qancha insonlar qalbiga yaxshilik urug‘ini in’om etdi.

– Harbiylarimizdan xalqimiz minnatdor, – deydi markaz direktori o‘rinbosari Gulzada Satullayeva. – Har bayramda markazimizga tashrif buyurib, ko‘ngli o‘ksik insonlarimiz qalbiga quvonchu-shodlik ulashib ketishadi. Bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rliklar natijasida bemorlarimizda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Baxt gormonlari bemorlarning tezroq sog‘ayib ketishiga yordam beradi. Harbiylarimiz bu borada biz shifokorlarga haqiqiy ko‘makchi, desam hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati