Samarqandda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini doimo e’zozlash va qadrlash hamda kirib kelayotgan yangi 2022-yil bilan qutlash maqsadida davlatimiz rahbari yo‘llagan tabrik va sovg‘alarni topshirish maqsadida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mixail Kolmogorov hamda front ortida zaxmat kechgan 90 yoshli Sofiya Pogrebovaning xonadonida bo‘ldi.
Mehmonlar fashizm ustidan g‘alaba qozonishda munosib hissa qo‘shgan har ikki urush faxriysiga davlatimiz rahbarining bayram tabrigini o‘qib eshittirib, “Mustaqilligimizning 30 yilligi” esdalik nishonlarni, dori-darmon uchun 1 million so‘mlik sertifikatlar, “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” kitob albomlari hamda bir qator bayram sovg‘alarini topshirishdi.
Shuningdek, mehmonlar ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tiladi. Keksalar esa mamlakatimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik tiladi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati