Harbiylarning “Saxovat karvoni” Qoraqalpog‘istondagi olis ovullarga yetib bordi

0
646

Olis manzillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sust bo‘lgan qishloq va ovul ahliga amaliy yordam ko‘rsatish, ular holidan xabar olish, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Bo‘zatov va Qorao‘zak tumanlarining olis ovullariga “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida yo‘lga chiqqan “Saxovat karvoni” yetib bordi.

Yangi yil bayrami quvonchini olis manzillarda istiqomat qilayotgan ehtiyojmand vatandoshlarimizga yetkazishni niyat qilgan Vatan himoyachilari maqsadlariga erishdi.
Harbiy xizmatchilardan iborat saxovat guruhi ijtimoiy himoyaga birinchi navbatda muhtoj bo‘lgan vatandoshlarimiz uylariga borib, ular holidan xabar oldi, moddiy va ma’naviy yordam berildi.

Xalqimizni yanada birlashishga, bahamjihat bo‘lishga undayotgan ushbu gumanitar aksiya doirasida Mo‘ynoq tumanidagi Do‘stlik ovulining 15 nafar oilasi, Bo‘zatov tumanining Bo‘zatov posyolkasidagi 25 nafar oila va Qorao‘zak tumanidagi S.Kamalov ovulida istiqomat qilayotgan 20 nafar oilaga mehr-saxovat ulashildi. Bayram arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan hamda jismoniy imkoniyati cheklangan aholiga birlamchi oziq-ovqat maxsulotlari, 100 dan ziyod ayollar va erkaklar hamda 200dan ortiq bolalar kiyim-kechak to‘plamlari, 20 quti kanselyariya mollari, mebel va oshxona jihozlari tarqatildi.

Odamiylik, mehr-oqibat, insonparvarlik, bag‘rikenglik kabi ezgu amallar xalqimizda azal-azaldan ulug‘lanib kelinadi. Insonparvarlik fazilatlari bizda qadriyat darajasiga ko‘tarilib, ajdodlardan meros sifatida qadrlanadi.

Mamlakatimizda xalq dardini eshitish, muammo va murojaatlarini hal etishning yangicha usuli bo‘lmish “Mahallabay” ishlash tizimi aholiga yordam berishda samarali yo‘l ekanligi o‘z isbotini topmoqda.

Harbiy xizmatchilar tomonidan Qorao‘zak tumanidagi 23-sonli umumta’lim maktabi hovlisida qurib berilgan sportning Workout (ko‘cha sporti) bilan shug‘ullanish uchun maydoncha bu sportning olis manzillarda ham rivojlanishiga, ommalashishiga xizmat qiladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati