Harbiy xizmatchilar ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishmoqda

0
738

Ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, bemorlarni yo‘qlash va imkoniyati cheklangan fuqarolarga e’tibor ko‘rsatish xalqimizga xos azaliy qadriyat hisoblanadi.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida vatanparvarlik oyligi doirasida ma’naviy-ma’rifiy hamda ko‘ngilochar tadbirlardan tashqari, xayriya tadbirlari va aksiyalar ham o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlar Navoiy viloyati Uchquduq tumani, Namangan viloyati Pop tumani va Andijon viloyati Xonobod shahrida joylashgan harbiy qismlarning bir guruh ko‘ngilli harbiy xizmatchilari tomonidan amalga oshirildi.

Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari qo‘shilma komandiri podpolkovnik A’zamjon Miraxmedov boshchiligida “Amir Temur” mahallasida istiqomat qiluvchi, Qurolli Kuchlar safida 40 yillik ish stajiga ega, Mudofaa vazirligi faxriysi, Vladimir Dashevskiy xonadonida bo‘lishdi. Uning ko‘p yillik xizmat faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashib, yuqori kayfiyat ulashishdi.

Shu kuni tumanning turli mahallalarida istiqomat qiluvchi yoshi ulug‘ keksalarning holidan xabar olinib, 20 turdagi oziq-ovqat va 12 turdagi zaruriy tibbiy vositalar berildi.

Bu kabi tadbirlar Xonobod shahrida joylashgan harbiy qismda ham o‘tkazilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olingan bo‘lsa, Pop tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan 24-sonli imkoniyati cheklangan bolalar internat uyida tarbiyalanuvchilar uchun “Yangi yil bayrami” tashkillashtirilib, bayram sovg‘alari tarqatildi.
– Yoshi ulug‘ nuroniylar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olishni muntazam ravishda yo‘lga qo‘yganmiz, bu esa xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi harbiy qism komandiri mayor Farruhbek Rahimov.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti