Nukusdagi “Vatanparvarlar bog‘i”da harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi

0
769

Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy kasbga qiziqishini oshirish, yoshlarning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish orqali milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qadimiy tarixi, madaniyati, Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida mardlarcha kurashgan milliy qahramonlar bilan fahrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy armiyamiz qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni yanada kuchaytirish, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alaba uchun mardlarcha kurashgan yurtdoshlarimizning nomini abadiylashtirish maqsadida Nukus shahrida bunyod etilgan “Vatanparvarlar bog‘i”da vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi bayrami munosabati bilan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi mudofaacbga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridan mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Shaharda yoqqan qor festivalning o‘zgacha o‘tishini ta’minlab, Yangi yil bayrami arafasida yoshlarga yanada quvonch va shodlik olib keldi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi tomonidan namoyishga qo‘yilgan zamonaviy qurol-aslahalarning taktik-texnik tavsifi, ulardan foydalanish qoidalari hamda zirhli texnikalar ko‘rgazmasi, “Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalaridan iborat ko‘rgazmasi o‘quvchi-yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, yoshlar faxriy qorovul vzvodining qurol yordamida o‘zgacha saf elementlari hamda qo‘l jangi bilan ko‘rgazmali chiqishlarini zavq bilan tomosha qilishdi.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining harbiy orkestri jamoasi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi ijodiy jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar esa bog‘ ichiga iliqlik taftini ulashib, barchani raqsga chorladi.

Bog‘ ichida joylashgan “Xotira muzeyi”ga harbiylar va yoshlar sayohati qiziqarli kechdi. Ekskursiya davomida qoraqalpog‘istonlik yoshlar turli viloyatlardan kelgan askarlarga qoraqalpoq xalqining Ikkinchi jahon urushiga qo‘shgan hissasi haqida so‘zlab berishgan bo‘lsa, askarlar o‘sha vaqtda foydalanilgan harbiy jangovar texnikalar to‘g‘risida ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Festival tunggi paytda ham davom etdi. Rangbarang chiroqlar tarovati ila oppoq qorga burkangan “Vatanparvarlik bog‘i” yanada ko‘rkam va jozibador bo‘ldi.

Shu kuni tinmay yoqqan laylak qor “Vatanparvar bog‘i”ga qishning haqiqiy tarovatini olib kirdi. Qorning gashti va harbiylarning jangovar qudrati yoshlarga olam-olam zavq ulashib, armiyaning xalq bilan yanada yaqin bo‘lishiga zamin yaratdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati