Qurolli Kuchlar akademiyasida «Ibratli tengdoshim» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

0
528

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida «Ibratli tengdoshim» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda 2000-2005 yilda tug‘ilgan kursantlar, muddatli harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirok etdi.

– Akademiya axborot-resurs markazida ilmiy vzvod faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Unda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlar orasidan saralab olingan oddiy askarlarning ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Mana, oradan bir yil ham o‘tmasdan, ilmiy vzvod o‘z samarasini bera boshladi, – deydi kapitan Boburmirzo Soliyev. – Professor-o‘qituvchilarning kursantlar uchun yaratgan qo‘llanmalari ilmiy vzvod tomonidan 3D formatida qayta ishlanishi bo‘lg‘usi ofiserlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Jumladan, innovasion g‘oyalar asosida qayta ishlangan o‘quv qo‘llanmalarning yutuq va kamchiliklarini iste’molchi va qayta ishlab chiquvchi sifatida akademiya kursantlari bilan ilmiy vzvod a’zolari tahlil etishdi. Bunday tahlillar albatta o‘z samarasini beradi.

Akademiya kursanti Shahriyor Komilovning ta’kidlashicha, ilmiy vzvod tomonidan qayta ishlanayotgan o‘quv qo‘llanmalar ta’lim jarayonida katta ahamiyat kasb etishi tabiiy. Chunki inson psixologiyasida ko‘rish, eshitish va o‘qish orqali qabul qilingan ma’lumotlar xotirada mustahkam o‘rnashib qolishi isbotlangan. O‘q uzish jarayonining har bir detali 3D formatda alohida hisobga olingan. Bunday lavhaning aniq va ravon qilib ko‘rsatib o‘tilishi qurol haqida birlamchi ma’lumot sifatida bir umrga esda qoladi.

– Ilmiy vzvod a’zosi sifatida kursantlar uchun audio-video va matnli qo‘llanmalarning yaratilishida o‘z hissamni qo‘shayotganligimdan juda xursandman, – deydi muddatli harbiy xizmatchi Abdullo Abdurasulov. – Bugungi davra suhbatida ilmiy guruh tomonidan yaratilayotgan 3D formatidagi qo‘llanmalarning kamchiliklarini bildik va endi o‘sha kamchiliklar ustida ishlaymiz. Sababi, biz qayta ishlayotgan g‘oyalar ustida qancha ishlamaylik, bahoni baribir kursantlar beradi. Chunki biz yaratgan formatdagi o‘quv qo‘llanmalardan ular foydalanadi va xato kamchiliklar ularga aniq ko‘rinadi. Bu bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q. Kelajakda o‘zimni harbiy sohada ko‘rmoqdaman. Innovasion ishlarimiz bardavom bo‘lib, kelajakda harbiy yo‘nalishda ilmiy ishlar qilmoqchiman.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti