Bayram yarmarkalari – harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga qulaylik

0
532

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining bayram kayfiyatini ko‘tarish, yangi yil dasturxonini turli arzonlashtirilgan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda, garnizonlar va harbiy shaharchalarda oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasini tashkil etish ishlari qizg‘in boshlab yuborilgan.

Yarmarkalarda harbiy qism va muassasalarda mavjud bo‘lgan yordamchi xo‘jaliklar, mahalliy fermer va dehqonlar hamda tadbirkorlar tomonidan yetkazilgan mahsulotlar bozor narxidan 15-20 foiz arzonlashtirilgan holda sotuvga qo‘yilmoqda.

Shu o‘rinda bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Bu kabi bayram yarmarkalari xaridorlar — harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, shuningdek, sotuvchilarga ham birdek qulayliklarni yaratib bermoqda. Sababi, harbiy xizmatchi o‘z xizmat vazifasidan chalg‘imagan, bozorga tushishga ortiqcha vaqt sarflamagan holda, buning ustiga arzon naxlarda kerakli mahsulotlarni xarid qilayotgan bo‘lsa, tadbirkorlar, fermerlar va dehqonlarga o‘z mahsulotlarini peshtaxtalarni ijaraga olmagan holda xaridorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyatini bermoqda.

Harbiy qism va shaharchalarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari hamkorligida tashkil etilayotgan savdo yarmarkalari keng assortimentga ega bo‘lib, ularda hududiy ta’minot korxonalari hamda dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan tibbiy sanitar-gigiyenik tekshiruvlardan o‘tgan qoramol go‘shti, qo‘y go‘shti, yarim tayyor tovuq go‘shti, tuxum, baliq, shuningdek, kartoshka, sabzi, piyoz, o‘simlik va paxta yog‘i hamda un kabi 50 turdan ortiq oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari sotilmoqda. Xaridorlar yangi va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozor va do‘konlardagidan past narxlarda, masalan, 1 kg mol go‘shtini 40-45 ming so‘mga sotib olishi mumkin.

– Bu yerdagi narxlar hamyonbop, bozordan ancha arzon, – deydi katta serjant Bobomurod Shomurodovning turmush o‘rtog‘i Shoira Sultonova. – Mazkur yarmarkalarda sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga yangi yil bayrami uchun turli bezaklar, badiiy adabiyotlarni sotib olish imkoniyati borligi ham bizni quvontirdi. Buning uchun tadbir tashkilotchilariga harbiy xizmatchilar oila a’zolari nomidan minnatdorchilik bildiraman.

Darhaqiqat, ushbu yarmarkalarni harbiy qism va shaharchalarda o‘tkazilishi bir tomondan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun qulaylik yaratayotgan bo‘lsa, ularga parallel ravishda tashkil qilingan ko‘ngilochar tadbirlar esa bayramona kayfiyat ulashmoqda.

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda, shuningdek, harbiy shaharchalarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat va nooziq-oqat mahsulotlari yarmarkasi davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti