Muboraklik yoshlarni mamnun etgan vatanparvarlik tadbiri

0
579

Respublikamiz bo‘ylab bayramona ruhda davom etayotgan vatanparvarlik oyligi doirasida “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan ulug‘vor g‘oya ostida Mudofaa vazirligining Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari ham ko‘plab tadbirlar o‘tkazishmoqda.

Tadbirlarning navbatdagisida hamkorlikdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda harbiy qismga biriktirilgan umumta’lim muassasalaridan 200 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etishdi.

Kun avvalida o‘quvchi yoshlarning ma’naviy savodxonligini oshirish hamda jismoniy sifatlarini yuksaltirish maqsadida insholar tanlovi, harbiy estafeta, arqon tortish, pnevmatik quroldan otish kabi sport-sog‘lomlashtirish musobaqalari o‘tkazildi.

Shu kuni ertamiz egalari harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, kutubxona, ma’naviy ozuqa olish joyi, buyuk bobokalonlarimizning jang san’ati, qahramonliklari aks ettirilgan tematik sinflar bilan tanishib, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishining guvohi bo‘lishdi.

– Bu kabi amaliy tadbirlar yoshlarimiz kelajakda qaysi soha mutaxassisi bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘z kasbiga sadoqatli va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi mayor Sardor Pirnazarov.

Yakunda tanlov g‘oliblari va faol yoshlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti