Shimoli-gʼarbiy harbiy okrugga gʼalabani keltirganlar munosib kutib olindi

0
922

Kecha, 26-dekabr kuni Mudofaa vazirligi miqyosida oʼtkazilgan «Аmir Temur jangovar bayrogʼi uchun» musobaqasining ikkinchi bosqichida Shimoli-gʼarbiy harbiy okrugga gʼalabani olib kelgan harbiy xizmatchilarni Nukus temir yoʼl vokzalida tantanali kutib olish marosimi boʼlib oʼtdi. Unda harbiy okrug qoʼmondonligi, harbiy xizmatchilar hamda harbiy okrug sharafini munosib himoya qilganlarning yaqinlari ishtirok etdi.
Muvaffaqiyatli ishtiroki bilan umumiy hisobda harbiy okrugga birinchi oʼrinni olib kelgan yurt himoyachilari qoʼmondonlik tomonidan munosib taqdirlandi.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yildan boshlab har yili Mudofaa vazirligi qoʼshinlarida «Аmir Temur jangovar bayrogʼi uchun» musobaqasining oʼtkazilishi harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini yanada koʼtarishga, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini oshirishga, harbiy okruglar oʼrtasida sogʼlom raqobat muhitini shakllantirish va harbiy xizmatchilar oʼrtasida oʼz kasbiga boʼlgan hurmatni yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


Ushbu musobaqalarning birinchi bosqichida har yili qoʼshinlar jangovar shayligi va operativ tayyorgarligi, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, qoʼshinlar xizmati, harbiy intizom holati boʼyicha yakuniy qaror qabul qilinadi.
Musobaqaning ikkinchi (yakuniy) bosqichi Mudofaa vazirligining maxsus komissiyasi tomonidan yil davomida turli xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqa hamda koʼrik-tanlovlar natijalari sarhisob qilinadi. Shu bilan birga harbiy okruglar (birlashmalar) jamoalari bilan milliy sport turlari va milliy qadriyatlar yoʼnalishida musobaqalar oʼtkaziladi.
Ulugʼ sarkardalarimizning jangovar sanʼat ilmi va taktik mahoratini chuqur oʼrganish va avlodlarimizga yetkazish, qoʼshinlarda chavandozlik tayyorgarligini yuksaltirish, mamlakatimiz pahlavonlar yurti va jahon sivilizatsiyasining markazi boʼlganini namoyish etish, boy tariximiz va buyuk ajdodlarimiz merosini saqlab qolish maqsadida tanlovning ikkinchi bosqichida jamoalar “milliy kurash”, “chavandozlik”, “tosh koʼtarish”, “kitobxonlik” va “milliy tariximiz va Аmir Temur tuzuklarini bilish” kabi 5 ta yoʼnalish boʼyicha shiddatli va murosasiz bahslarda bellashdi.
Yakuniy natijalarga koʼra tanlovning “tosh koʼtarish” va “milliy tariximiz va Аmir Temur tuzuklarini bilish” bellashuvlarida 1-oʼrinlarni, “chavandozlik” musobaqasida 2-oʼrinni hamda “milliy kurash” bellashuvida 3-oʼrinni qoʼlga kiritgan Shimoli-gʼarbiy harbiy okrug jamoasi «Аmir Temur jangovar bayrogʼi uchun» musobaqasining 2-bosqichi boʼyicha gʼalaba qozondi.

Shimoli-gʼarbiy harbiy okrug matbuot xizmati