Ayyom arafasidagi bunyodkorliklar

0
609

Bugungi yorug’ kunlarga yetgunga qadar qanchadan-qancha mashaqqatli yo’llar bosib o’tilgan. Mard va jasur insonlar ko’rsatgan jasoratlar hamda mehnatkash xalqimiz chekkan zahmatlar evaziga bunyoddir bari. Bularni anglash va his etish uchun bir lahza bo’lsa-da, moziyga qaytish lozim. Tarixdan tilsiz so’zlovchi muzeylarga tashrif esa o’tmish qatlariga singish uchun ayni muddao.


Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugida ham ana shunday sermazmun maskan tashkil etilib, faoliyat boshladi. Viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, faxriy harbiylar va bir guruh yoshlar ishtirokida o’tgan Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugi tarixi muzeyining tantanali ochilish marosimida so’z olgan okrug qo’shinlari qo’mondoni yoshlarga vatanni sevish lozimligi borasida teran fikrlar bildirdi. Endilikda ushbu muzeyning nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oila a’zolari va yoshlar bilan ham gavjum bo’lishidan quvonishini alohida ta’kidladi. Shundan so’ng okrug tashkil etilganidan toki bugunga qadar foydalanib kelingan moddiy vositalar – qurol-yarog‘, anjom-aslaha, kiyim-kechak, hujjatlar va yutuqlar aks etgan eksponatlar bilan boyitilgan muzey bo’ylab birinchi sayohatga yo’l olindi. Ekskursiya davomida yoshlarga okrug qo’mondonining hamrohlik qilgani ertamiz egalarida ayniqsa katta taassurot qoldirdi.
Muzeydagi “Vatan – aziz, jasorat mangu!” satrlari ostidan joy olgan yurt himoyasi uchun o’tgan janglarda mardlarcha halok bo’lgan qahramonlar suratlari va ular foydalangan buyumlarni kuzatayotgan inson qalbidan allanechuk hislar o’tadi. Suratlardagi nigohlar ham yurtni sevishga undaydi. Tashrif buyurgan yoshlar qalbiga ham shu kabi hislar sizib kirgani tabiiy.
Ulkan taassurotlar olingan sayohatdan so’ng mehmonlar yana bir quvonchli tadbirga taklif etildi. Okrug hududida muddatli harbiy xizmatchilar uchun barcha sharoitlarga ega, zamon talablariga to’liq javob beradigan yotoqxona qayta ta’mirdan chiqarilib, bayram arafasida foydalanishga topshirildi. Jarayonda mehmonlar bugunning askariga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’ldilar.
So’ngi yillarda davlatimiz tomonidan mudofaa tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g’amxorliklar natijasi o’laroq o’tayotgan bu kabi tadbirlarga yosh avlod vakillarining taklif etilayotgani ular qalbidagi vatanparvarlik hislarini yuksaltirish va harbiy xizmatga qiziqishlarini oshirish uchun xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati