Toyloqdagi maktabda “Maktabimiz faxri” burchagi yaratildi

558

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga koʻra Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlar, muassasalarga biriktirilgan taʼlim muassasalarida “Maktabimiz faxri” shiori ostida ushbu maktablarda turli yillarda tahsil olgan va bugungi kunda vazirlik tarkibiy boʻlinmalarida namunali xizmat qilib kelayotgan harbiy xizmatchilar burchaklarini yaratish vazifa sifatida belgilangan.

Shunga koʻra Kattaqoʻrgʻon granizoni boshligʻi, harbiy qism komandiri podpolkovnik Firdavs Umarov tahsil olgan Toyloq tumanidagi 40-umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Maktabimiz faxri” shiori ostida burchak yaratildi va harbiy-vatanaparvarlik festivali oʻtkazildi.

Unda podpolkovnik F.Umarovning ota-onasi, aka-ukalari, sinfdosh doʻstlari, ustoz va murabbiylari hamda oʻquvchi yoshlar ishtirok etishdi.

Soʻz olgan ustoz va murabbiylar tabiatan tirishqoq, zehnli Firdavs Umarovga bergan oʻgitlari-yu, taʼlim tarbiyasi zoye ketmaganligini hamda mashaqqatli va sharafli kasb egasi boʻlganidan bugun ular faxr-iftixor tuygʻularni tuyganini taʼkidlashdi.

Tadbir davomida Firdavs Umarovning otasi Axtam bobo va Gulchehra onaga farzandining shogirdlari boʻlgan yosh harbiy xizmatchilar minnatdorchilik sifatida oʻz sovgʻalarini ulashishdi va oʻquvchi yoshlar uchun harbiy vatanparvarlik festivali oʻtkazishdi.

Albatta, bundayin tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad, yoshlar qalbida mardlik, matonat, sadoqat kabi maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish, armiya va xalq yakdilligini yanada mustahkamlashdir.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati