Hindiston harbiy delegatsiyasi Xorazmdagi “Yangiariq” harbiy poligoniga tashrif buyurdi

774

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida imzolangan 2021—2022-yilga ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq, 2022-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Do‘stlik-2022” birgalikdagi o‘zbek-hind o‘quvini muvofiqlashtirish maqsadida Hindiston harbiy delegatsiyasi Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining “Yangiariq” umumqo‘shin poligoniga tashrif buyurdi.

Ta’kidlash joizki, bugun O‘zbekiston ko‘plab yetakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, harbiy va harbiy-texnik masalalarda rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda.

Jumladan, 2019-yildan  O‘zbekiston hududida o‘zbek-hind hamkorligida o‘tkazilgan “Do‘stlik–2019” taktik o‘quv mashg‘ulotlari Hindiston bilan harbiy aloqalarni yanada mustahkamlash, jangovar operatsiyalarni rejalashtirish va olib borishda ilg‘or tajribalar bilan almashish imkonini yaratdi.

Navbatdagi hamkorlikdagi mashqlar 2021-yilning mart oyida Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan “Chaubatiya” o‘quv markazida o‘tkazilgan bo‘lib, unda terrorizmga qarshi kurashish va jangovar o‘quv operatsiyalarda ishtirok etish orqali ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga erishildi.

Hindistonning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasining harbiy attashesi polkovnik Nipun Anand hamda Hindiston Qurolli Kuchlari birlashgan shtabi vakillari polkovnik Rakesh Sharma va mayor Mudassar Javiad Vani tarkibidagi delegatsiya vakillari “Yangiariq” umumqo‘shin poligoni hududida kelgusi yilda rejalashtirilayotgan “Do‘stlik-2022” birgalikdagi o‘zbek-hind o‘quvini o‘tkazish hamda Hindiston harbiy kontingentining mamlakatimizga kelishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi ishtirok etgan mazkur uchrashuvda ikki mamlakat vakillarining qo‘shimcha takliflari e’tiborga olinib, ikki davlat harbiylari ishtirokida sport va madaniy tadbirlarni ham tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar rejaga kiritildi.

Shundan keyin mehmonlar shu yilning avgust oyida qayta rekonstruksiya va kapital ta’mirdan chiqqan “Yangiariq” umumqo‘shin poligonidagi sharoitlar, ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik ob’ektlari, o‘quv markazining imkoniyatlari hamda rejalashtirilgan hamkorlik mashg‘ulotlarini olib borish hududi bilan yaqindan tanishishdi.

Yangilangan poligondagi mavjud sharoitlar Hindiston vakillarida katta taassurotlar qoldirib, rejalashtirilgan o‘quvlar muvaffaqiyatli o‘tishiga mehmonlar tomonidan yuksak ishonch bildirildi.

Mayor Timur Narziyev,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshlig‘i