Muallimlar bilan oʼtgan uchrashuv

0
649

Xalq va armiya yakdil. Bu tamoyil bugun barcha jabhada namoyon boʼlmoqda. Turli uchrashuvlar, davra suhbatlarida yurt himoyachilari Vatanni sevish, uning himoyasi uchun kerak boʼlsa aziz jonni-da, fido etish lozimligini oʼz faoliyati misolida soʼzlab berayotgani ayniqsa taʼsirlidir.

Havo hujumidan mudofaa qoʼshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʼmondonligiga qarashli Qashqadaryo viloyati Xonobod qoʼrgʼonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari, Janubi-gʼarbiy maxsus harbiy okrug faxriylari hamkorlikda viloyat Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida taʼlim olayotgan ustozlar bilan “Vatanga xizmat – oliy fazilat!” mavzusida seminar mashgʼulot tashkil etishdi.
Unda samo lochinlari qalb bunyodkorlari sanalmish ustozlarga turli xildagi parashyutlar koʼrgazmasini namoyish etishdi. Faxriy harbiylar esa sermazmun oʼtgan faoliyatlari toʼgʼrisida soʼzlab berdilar.

Vatan muqaddas, uning har qarich yeri jon qadar aziz, hayot qadar totlidir. Bu tuygʼularni murgʼak qalblarga singdiruvchilar esa ustozlardir. Shunday ekan, muallimlar bilan oʼtgan uchrashuvlar yosh avlodimiz tarbiyasi yoʼlida xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli boʼldi.

Janubi-gʼarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati