Jizzaxda harbiy orkestr jamoalarining galakonsert dasturi namoyish etildi

0
629

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligining tashabbusi bilan Jizzax, Samarqand hamda Kattaqo‘rg‘on garnizoni harbiy orkestr jamoalari Jizzax shahridagi Yangi yil archasi o‘rnatilgan maydonda o‘z galakonsert dasturlarini namoyish etishdi.

Sho‘x-shodon musiqalar, jozibador kuylar hamda ko‘ngilochar dasturlar bilan harbiy orkestr jamoasi Yangi yil tarovatini hadya etishni Jizzax viloyatidan boshladi.

Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan klassik va milliy kuylar bayramona kayfiyat bilan yurgan yurtdoshlarimizni befarq qoldirmadi. Olqishlar bilan qarshi olingan har bir san’at namunasi yig‘ilganlarga olam-olam shodlik ulashdi.

Galakonsert dasturining ikkinchi qismida harbiy ijodkorlar Yangi yil bayramining bosh qahramoni bo‘lgan Qorbobo kiyimlarida ko‘rinish berib o‘zlarining mahoratlarini yana bir bor namoyish etishdi.

Okrugning barcha garnizonidagi harbiy orkestrlardan iborat jamoa, endilikda har bir garnizonda o‘z galakonsert dasturlarini namoyish etib ko‘ngilochar dasturlar bilan yurtdoshlarimizga bayram shukuhini ulashadi.

Markaziy harbiy matbuot xizmati