Urganchlik urush qatnashchisi 100 yoshga toʼldi

0
647

Kecha, 24-dekabrь kuni Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʼi podpolkovnik Rustam Jumaev hamda keng jamoatchilik vakillari Urganch shaharining “Beshmergan” mahallasidagi “Xonqa” koʼchasining 90-uyida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Jabbor ota Qalandarovning 100 yoshga toʼlgani munosabati bilan holidan xabar olib, tavallud ayyomi bilan muborakbod etishdi. Jabbor ota 1921-yilning 24 dekabrь kuni, yaʼni bundan bir asr oldin dunyoga kelgan.

Prezidentimiz, viloyat va shahar hokimligi hamda harbiy xizmatchilarning eʼtiboridan mamnun boʼlgan otaxon barchaga oʼzining samimiy minnatdorchiligini bildirdi. Bugungi kun qadri haqida toʼlqinlanib gapirdi. Duoga qoʼl ochgan otaxon, avvalo yurtimizda tinchlik va osoyishtalik hukmronligi uchun shukronalar aytib, mamlakatimizga koʼz tegmasin, deya niyat qildi.

Taʼkidlash joizki, Ikkinchi jahon urushida 67 mingdan ziyod xorazmlik qatnashgan boʼlsa, ularning qariyb yarmi jangda halok boʼldi, minglab norgʼul yigitlar nogiron boʼlib qaytdi, 7 mingdan ziyodining taqdiri nomaʼlumligicha qolmoqda. Jang maydonlarida koʼrsatgan jasorati uchun 3 mingga yaqin Xorazm oʼgʼloni orden va medallar bilan mukofotlangan.
Darvoqe, millionlab insonlarning boshiga balo keltirgan bu urushda yurtdoshlarimiz ham janggohlarda, ham front ortida jonbozlik koʼrsatib, qahramonlik namunalarini koʼrsatishgan. Ularning safi bugun kamayib borayotgan boʼlsa-da, qahramonligi hech qachon unutilmaydi.

Hayot charxpalagi Jabbor otani ayni navqiron, 19 bahorida qoʼliga qurol olishga majbur qildi. 100 yoshni qarshilagan otaxon koʼp yillar mahalla fuqarolar yigʼinida faoliyat olib borgan, koʼplab oilalarning tinch-totuv yashashi uchun oʼz hissasini qoʼshgan. Bugun uning qilgan mehnatlari munosib eʼtirof etilayapti.

Tabarruk otaxon va uning salomatligi doimo eʼtiborida. U uchun ajratilgan patronaj hamshira tez-tez kelib, otaxonning holidan xabar oladi, oʼz oʼrnida sogʼlom turmush tarziga amal etilishi boʼyicha tibbiy maslahatlar beradi.

Shimoli-gʼarbiy harbiy okrug matbuot xizmati